Oxirgi yillarda mahsulot narxlari ancha ko‘tarilganini sezdim. O‘tgan yili 10 ta tuxumni 14 mingga olgan bo‘lsam, hozir — 20 mingga olyapman. Bozorlik qilish va ovqat tayyorlashga vaqt hamda asablarimni sarflamaslik uchun ko‘pincha tashqarida ovqatlanardim. To‘yimizdan keyin esa turmush o‘rtog‘im bilan tez-tez uyda pishirib, tejamkor bo‘lishga kelishdik.
Muzlatkich tezda sabzavot, tayyor taomlar va shirinliklar bilan to‘lib ketdi. Lekin, yeyishga ulgurmaganimiz tufayli yarmini chiqindiga tashlashga to‘g‘ri keldi. Ozgina kayfiyatim buzildi, chunki xarajatlarni so‘mda emas, uni topishga ketgan vaqtimda o‘lchayman. Sifatni yo‘qotmasdan qanday tejash mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rdim va foydali insaytlarni to‘pladim.
Xarid qilishdan oldin menyu tuzamiz
Juma kunlari bir haftalik xarid qilamiz. Avval menyu, keyin faqat yetishmayotgan mahsulotlar ro‘yxatini tuzamiz. Nonushtaga ko‘pincha yonida mevali kasha, quymoq va sirniklar yoki tuxumni har xilcha pishirib yeymiz. Tushlik va kechki ovqatga — qandaydir go‘shtli taom va garnir: guruch, bulgur yoki makaron tayyorlaymiz. Bunday reja «nima pishirsak ekan,» degan savolni keltirib chiqarmaydi, impulsiv xaridlarni kamaytiradi va hafta yengilroq o‘tishiga yordam beradi.

Turli joylarda xarid qilamiz
Bitta do‘kondan olish qulay-u, lekin odatda qimmatroq chiqadi. Shuning uchun mahsulotlarni turli joylardan olamiz. Quruq mahsulotlar — yorma, shakar, makaronlarni Tiin ulgurji do‘kondan katta qadoqlarda olamiz. Sabzavot, ko‘kat va mevalarni uy yaqinidagi «Рисовый» bozoridan olamiz. Hamkasbim Ekobozorni tavsiya qildi, aytishicha, sifatli mahsulotlar ancha arzon ekan. Yogurtni Korzinkadagi 1 litrlik turk yogurtiga almashtirdik — narxi 40 ming atrofida bo‘lib, ham salatlarga, ham nonushtaga mos keladi, ham ancha shirinroq. Go‘shtni uyimiz yonidagi Assortidan olamiz. Har kuni barra go‘sht olib kelishadi, kilogrammi narxi 120 ming so‘m. Hozir tuzlamalar mavsumi bo‘lgani uchun, yangi sabzavotlar o‘rniga ularni olamiz. Ham foydali, ham ancha arzon, ham uzoq turadi.
Arzon taomlar tayyorlashni o‘rganamiz
Shanba — tayyorgarlik kuni. 1 kg mol go‘shtidan 12 ta kotlet chiqadi. Tovuqdan ham shuncha chiqadi. Hammasini portsiyalab muzlatib, kerak paytda shunchaki pechda pishiramiz. Tvorog bilan ham shunday: 1 kg dan 15–16 ta sirnik va bir nechta tez, foydali hamda shirin nonushta tayyor bo‘ladi. Ish kunlari kotletlarni pechda pishirib, yoniga garnir qo‘yamiz-u, dasturxonga tortamiz.

Mahsulotlarni sarf qilmaymiz
Mahsulotlarga ikkinchi hayot berish yo‘llari haqida o‘ylaymiz. Mevalarni murabbo yoki galetalarga ishlatamiz. Pomidorlar pasta qaylasiga ketadi. Kechagi non pishloqli tostga aylanadi. Qatiq, yogurt va sut pishiriq yoki uy noniga ishlatiladi. Ko‘katni yeyishga ulgurmasak, quritib qo‘yaman.
Mavjud tejash usullaridan foydalanamiz
Bonus dasturlari va aksiyalarini izlaymiz. Korzinka va Makroda chegirma kunlari bo‘lib turadi. Ularning kanallariga obuna bo‘lganmiz — yangi takliflar haqida tez xabar berishadi. Sentyabrda Makroda shanba rasprodajasi bo‘lgandi, ko‘plab mahsulotlarga 80 foizgacha chegirmalar berishdi.

Maoshgacha pul kerakmi?
100 mln so‘mgacha limitli AVO platinum — kerak paytda asqatadi
Nega uyda pishirish foydaliroq?
Iyulda bir o‘zimga 6,5 mln ketardi, sentyabrda esa ikkimizga 3,6 mln (2,2 mln oziq-ovqatga va 1,4 mln — tashqarida ovqatlanishga) sarfladik. Bir kishiga 6,5 o‘rniga taxminan 1,8 mln ketdi. Bu sehr emas, oddiy tartib: hafta davomida nima pishirishni oldindan o‘ylab qo‘yish, haftada bir marta yirik xarid, zagotovkalarga vaqt ajratish rejasiz xarajatlar va ortiqcha chiqindilar sonini kamaytiradi.
Ovqatlanish masalasi ham yengillashdi. Muzlatkichda yeyishga narsa bo‘lsa, buyurtma bergingiz kelmaydi. Uyda mazaliroq va foydaliroq ovqatlanishni boshladik.
Munosabatlarimizga kelsak. Oshxona kichik uchrashuv yeriga aylandi: sabzavotlar to‘g‘rarkan, gaplashamiz, hazil-huzul qilamiz, ovqatlarning ta’mini ko‘ramiz. Bu rostdan ham ancha yaqinlashtirarkan.
Agar hali ham ikkilanayotgan bo‘lsangiz, bir hafta uyda pishirib ko‘ring. Keyin cheklar va hissiyotlaringizni solishtiring. Menda — hamyonimizga tushadigan yuk kamaydi, ovqatlarimiz shirinroq bo‘ldi, munosabatlarimiz yanada yaxshilandi 🥰
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda








