2025-yilning 18-fevralidan O’zbekistonda «Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to’g’risida» O’RQ-1031-sonli qonuni ijroga kiritildi. Ushbu qonun bank tizimiga ishonchni orttirib, fuqarolar, tadbirkorlar va korxonalar mablag’larini himoya qiladi. Davlat 200 mln so’mgacha miqdordagi omonatlarni qoplab berish bo’yicha javobgarligini oladi, to’lovlar amalga oshirilishini esa Omonatlarni kafolatlash agentligi kuzatib boradi.
Kimlarga kompensatsiya to’lab beriladi
Kafolatlangan himoyaga O’zbekiston banklarida so’m va xorijiy valyutada ochilgan barcha omonatlar kiradi. Boshqa banklar va moliyaviy tashkilotlar mablag’lari, O’zbekiston banklarining xorijdagi filiallari depozitlari va sud tomonidan noqonuniy deb topilgan pullar bundan mustasno. Shaxsiy nafaqa hisoblari ham davlat kafolatiga kirmaydi.
Kompensatsiya qanday qilib olinadi
Agar bank litsenziyadan mahrum etilsa yoki bankrot deb e’lon qilinsa, omonat egalariga kompensatsiya belgilanadi. Maksimal summa — omonat ochilgan har bir bankda 200 mln so’mdan hisoblanadi. Agar bir nechta hisobingiz bo’lib, ular turli banklarda ochilgan bo’lsa, ularning har biridagi mablag’ alohida-alohida qoplab beriladi. Kompensatsiya olish uchun Omonatlarni kafolatlash agentligidan ma’lumotlarni kutish zarur — u pulni qoplab berishga mas’ul agent-banklar ro’yxatini e’lon qiladi. Kafolatlash hodisasi yuz bergan vaqtdan boshlab pulni qoplab berishgacha bo’lgan muddat 20 ish kunini tashkil qiladi.
Omonatchilar uchun qanday o’zgarishlar yuz beradi
Qonun bilan mustahkamlangan kafolatlar mablag’laringiz himoyasini kuchaytiradi va bank omonatlarining ishonchliligini oshiradi. Mablag’ni qoplab berish shaffof mexanizmi va pullarni turli banklarda saqlash imkoniyati umumiy kafolatlangan limitni oshiradi hamda alohida bankka joylashtirilgan omonat bilan noxush hodisa yuz berganda, pulni qaytarib olish jarayonini yengillashtiradi.
Yangi qonun haqida batafsil rasmiy Lex.uz saytida o’qishingiz mumkin.

