Sumalak shunchaki taom emas, balki iliqlik, quvonch va bahoriy kayfiyat bilan to‘lgan an’anadir. Aynan shu noz-ne’mat Navro‘zning, bahor kelishining va tabiat yangilanishining ramzi hisoblanadi.
Keling, uni qanday tayyorlash, qanchaga tushishi va nima uchun sumalak shunday yoqimli an’ana ekanligini ko‘rib chiqaylik.
Sumalak uchun masalliqlar
Sumalak tayyorlash sabr-toqatni talab qiladi, lekin masalliqlar uncha qimmat emas:
- Undirilgan bug‘doy — bir kilosi 9 000–15 000 so‘m
- Bug‘doy uni — bir kilosi 11 000–14 000 so‘m
- Paxta yog‘i — bir litri 18 500–20 000 so‘m
- Suv
Masalliqlarning narxi ularning sifati va miqdoriga qarab o‘zgarishi mumkin.
Bundan tashqari, qozonga an’anaviy tarzda silliq toshchalar solinadi — ular taomning kuyib qolishidan saqlaydi va omad keltiradi, deb hisoblanadi. Kimning nasibasiga toshcha tushsa, u tilak tilashi mumkin.

Sumalak tayyorlash qanchaga tushadi?
Faraz qiling, siz 50 litr sumalak tayyorlashga ahd qildingiz. Buning uchun bizga taxminan 7 kg undirilgan bug‘doy, 10 kg un, 1 litr yog‘ va suv kerak bo‘ladi (quyuqlik darajasiga qarab suvni qo‘shib borish lozim).
Barcha masalliqlar uchun taxminan 225 000 so‘m sarflanadi. Bu narxga idish-tovoqlar va boshqa jihozlar kiritilmagan.
Agar siz ham men kabi sumalak tayyorlashni mutaxassislarga ishonib topshirishni ma’qul ko‘rsangiz, OLX.uz platformasida nafaqat sumalak tayyorlash, balki zarur uskunalarni ijaraga olish bo‘yicha ham takliflarni topishingiz mumkin. Narxlar juda xilma-xil: 700 000 so‘mdan 4 500 000 so‘mgacha, barchasi hajm, sana va tanlangan shartlarga bog‘liq holda farqlanadi.

Sumalak tayyorlash
Shaxsiy tajribamdan o‘tgan voqeani so‘zlab beraman.
Bir kuni butun oilamiz bilan sumalak tayyorlashga qaror qildik. Dastlab, sumalak pishirish ustalarini taklif qilish kerak, degan fikr tug‘ildi, ammo o‘sha paytda o‘smir bolaning gapiga kim quloq solardi, deysiz. Tadbir uchun Farg‘onadagi buvi va bobomizning uyini tanladik. Barcha kerakli masalliqlarni xarid qilib, o‘tin tayyorladik, yerto‘ladan 80 litrlik ulkan qozonni olib chiqdik va shu yerda kutilmagan holat yuz berdi: qozonning tubi teshilib, suv sizib chiqayotgan ekan. Bayramda o‘z qo‘limiz bilan tayyorlangan sumalagimiz bo‘lmasligi hammamizni xafa qildi. Biroq buvim qo‘shnilarimizda buyurtma asosida sumalak pishiradigan ustalar borligini eslab qoldi. Ular shunday qisqa muddatda tayyorlashga rozi bo‘lganida, quvonchimiz ichimizga sig‘may ketdi. Ular barcha kerakli narsalarni: qozon, o‘choq, aralashtirish uchun katta kapgirlar, toshchalar va yong‘oqlarni o‘zlari olib kelishlarini aytishdi. Umumiy xizmat haqi unchalik qimmat emas, taxminan 1 100 000 so‘m atrofida bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, sumalak pishirish jarayoni uzoq soatlar, ba’zan esa bir sutka davom etadi. Buning sababi — uning rangi va quyuqlik darajasini muntazam nazorat qilib turish kerak. Sumalak katta qozonda sekin olovda pishiriladi, kuyib ketmasligi uchun tinmay aralashtirib turiladi. Kattalarning aytishicha, pishirish paytida yomon narsalar haqida o‘ylamaslik kerak, aks holda taomga salbiy quvvat o‘tib ketadi. Sumalakni aralashtirish paytida niyat qilinsa, albatta amalga oshadi, deyishadi.
Tayyorlash kuni hovlimizga deyarli butun mahalla yig‘ildi, qarindosh-urug‘larimiz esa O‘zbekistonning turli burchaklaridan — Qo‘qon, Toshkent, Buxoro va Samarqanddan tashrif buyurishdi. Axir, sumalak pishirishda qancha ko‘p odam ishtirok etsa, yangi yilda shuncha ko‘p yaxshilik va baxt keladi, degan e’tiqod bor.
Dasturxon yozdik, ko‘k somsa va qatlama tayyorladik, piyolalarga nisholda va mening sevimli parvardamni qo‘ydik. Kuy yangrab, bazm boshlandi. Qo‘shiq va raqslar quvonchli muhit yaratib, sumalakni ijobiy quvvat bilan to‘ldiradi, degan ishonch bor. Men uchun eng jo‘shqin raqslar — Andijon polkasi va albatta, Fayod guruhining «Nozlanajakdir» qo‘shig‘i ostida boshlanadi.

40 litr sumalak tayyorlash — arzon emas!
Lekin AVO platinum bilan hammasi oson — 50 million so‘mgacha limit bilan siz doimo plyusdasiz!
Mazmunli kun o‘tkazib, sumalakni bir maromda aralashtirgach, kechqurun mehmonlar uy-uylariga tarqalishdi. Biz esa yaqinlarimiz bilan «o‘zbek shokoladi»mizni pishirishni davom ettirdik. Tongga yaqin xushbo‘y, karamel-shokoladli sumalak tayyor bo‘ldi — 70 litrdan ortiq! An’anaga ko‘ra, uni idish va stakanlarga quyib, barcha istovchilarga ulashdik.
Tan olishim kerak, qozon yonida yolg‘iz o‘zim tinimsiz sumalak qorib o‘tirmasdan, bayram kayfiyatidan bahramand bo‘lish hissi eng yoqimli tuyg‘u edi. Kelgan odamlarning barchasi bajonidil ishga kirishib, ko‘nglidagi niyatlarini tilab, yuzlarida tabassum bilan o‘zlarining ijobiy quvvatlarini taomga qo‘shishardi. Ehtimol, aynan shu sababli sumalak nihoyatda mazali va esda qolarli bo‘lgandir.
Birgalikda taom tayyorlash, musiqa va suhbat jarayonni o‘zgacha ruhga to‘ldiradi. Bu shirinlikning har bir qoshig‘i esa bahorgi yangilanish quvonchi va ijobiy his-tuyg‘ular kuchini eslatib turadi.
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Narxlar taxminiy va faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi.