O‘zbekistonda ko‘pincha san’at asarlariga chiroyli, lekin keraksiz narsadek qarashga o‘rganib qolganmiz. Uydagi rasmlar shinamlik yaratish uchun, mozaikalar oldindan shunaqa qilishgani uchun, haykallar bo‘lsa maydondagi favvora yalang‘och qolmasligi uchun yasaladigandek. Va qandaydir asar o‘ntalab kobalt narxiga sotilgani haqida eshitganimizda, xayolimizga keladigan ilk gap — «Bu nima, hazilmi? Yosh bolaning rasmlari-ku» bo‘ladi.
Lekin art-obyektlarning narxi kontekst, insonlarning qadriyatlari, xotira, maqom, noyoblikka qarab belgilanadi. Qisqasi, bu narsalarning bahosini biz belgilaymiz. Masalan, ayfon va oddiy smartfon bir vazifani bajarishini bilsak ham, nega birinchisi ikkinchisiga qaraganda qimmatroq turishini juda yaxshi tushunamiz. Nega sport kiyimi deyishsa Nike esga tushadi, Li-Ning emas. Yoki nega haqiqiy palov deganda Besh Qozon xayolga keladi, Darxon kafesi emas (garchi menga ko‘proq Darxon yoqadi). San’atda ham xuddi shu mantiq ishlaydi, faqat bunga madaniyat, tarix va vaqt aralashib, hammasi bir necha barobar kuchayib ketadi.
Narx qanday shakllanadi
Rasmlar rassom tug‘ma daho bo‘lgani uchun qimmatlashib ketmaydi. Uning atrofida ko‘rgazmalar, muzeylar, kolleksionerlar, ekspertlar, auksion uylari, media, fondlar, xalqaro kuratorlar kabi butun bir ekotizim turadi. Oddiy xolstni qimmatli obyektga aylantiradigan yana o‘nlab mayda omillar bor. Brendlarda ham xuddi shunday: $500 turadigan narsa futbolkaning o‘zi emas, u nimani anglatishi.
Har qanday predmet obyektiv chiroyli, noyob yoki texnik jihatdan juda murakkab bo‘lgani uchun emas, atrofidagi afsonalar va izohlar sababli san’at asariga aylanadi. Usta rassomning biografiyasi ham xolstning o‘zidan kam rol o‘ynamaydi. Masalan, Van Gog butun umri davomida atigi bir nechta rasmini bir necha chaqaga sotgan bo‘lsa, bugunga kelib uning ishlari $100 mln dan yuqori baholanadigan rassomlar ro‘yxatida turadi. Uning maqomini fojia, o‘limidan keyingi afsonalar va XX asrning intellektual madaniyati shakllantirgan.

AVO bank bilan pulingizni ko‘paytiring 💰
AVO omonat oching — yillik 25% gacha daromad oling
Narxni kim belgilaydi?
Narxni aniq bir nechta tashkilotlar, odamlar va mexanizmlardan iborat bozor belgilaydi. Dunyoda qimmat savdolarning eng katta qismi 3 ta yirik baliq — Sotheby’s, Christie’s va Phillips orqali o‘tadi. Aynan shu auksionlar rasmiy narxlarni belgilab beradi. Agar bir ish ularning savdosida katta summaga sotilsa — bo‘ldi, uning narx diapazoni aniq belgilanib qoladi.
Galereyalar
GAGOSIAN, HAUSER & WIRTH, PACE kabi top galereyalar rassomlarga kirish yo‘lini nazorat qiladi. Kimni mashhur qilishni, kimni Art Basel, FRIEZE, TEFAF kabi yarmarkalarda ko‘rsatishni, kimga solo-ko‘rgazma uyushtirib berishni aynan ular hal qiladi. Galereyasiz rassom leyblsiz musiqachiga o‘xshaydi: rassom qanchalik iste’dodli bo‘lmasin, sahnaga chiqa olmaydi.
Kolleksionerlar
Shunday ismlar bor-ki, ularning xaridi asar narxini oshirib yuboradi. Masalan, Stiven Koen, Fransua Pino, Bernar Arno. Ular biror asarni olsa, bozor darrov bu narsani qimmat baholaydi. Ba’zan kolleksionerlar asarni shovqinsiz sotib oladi, keyin esa go‘yoki tasodifan bu ma’lumotni chiqarib yuboradi va shundan keyin asarga talab o‘sib boradi. Bu fitna emas, bu amaliyot.
Noqonuniy o‘yinlar
Yirik auksionlarda guarantee bid degan strategiya ishlatiladi — ya’ni kafolatlangan stavka. Bu shunday holatki, xaridor oldindan kartinani sotib olishga rozi bo‘ladi, lekin auksion baribir savdoni qizitib, talab juda balanddek ko‘rsatadi. Galereyalar ham sun’iy tanqislik yaratadi: bitta rassomning yuzlab ishlari bo‘lishi mumkin, lekin sotuvga atigi 5 tasini chiqarishadi. Qolgani narx tushib ketmasligi uchun omborlarda yotadi.
Yana bir misol — bidding rings xaridorlar kelishuviga o‘xshaydi. Bir nechta odam oldindan stavkani oshirmaslikka kelishib, arzonroq sotib oladi, keyin esa bozor narxida qayta sotadi. Bu usul ko‘p davlatlarda noqonuniy hisoblanadi.

Iv Klyayn, IKB 3, Monochrome bleu, Centre Pompidou, Parij
Eski narx
O‘nlab millionlarga sotiladigan rasmlar, masalan, Mark Rotkoning minimalizmi yoki Iv Klyaynning monoxrom ishlari qiyinligi uchun bunchalik qimmat turmaydi. Bu MoMA, TATE, Centre Pompidou kabi yerlarda o‘n yillar davomida o‘tkazilgan ko‘rgazmalar, manifestlarda qatnashish, ommaviy janjallar natijasi. Va eng muhimi, shu asarlar atrofida yillar davomida shakllangan, hamma tan olgan ekspertlar fikrlarining natijasi.
O‘zbek bozori holati
Bizda o‘zimizning Sotheby’simiz ham, Art Baselimiz ham yo‘q. Shuning uchun narxlarning o‘sishi bitta katta bozorda emas, xususiy kolleksionerlar, mahalliy galereyalar, ba’zan esa davlat muzeylari kabi mayda segmentlarga bo‘linib ketadi. Bu yerda rassom ko‘pincha sotuvdan emas, dars berishdan, buyurtma ishlardan yoki qo‘shimcha kasbdan pul topadi. Bizda kartinaning narxini xalqaro kontekst emas, mahalliy mantiq belgilaydi: kim sotib olyapti, qayerlarda ko‘rsatilgan, va uning atrofida kichkina bo‘lsa ham doimiy kolleksionerlar davrasi bormi-yo‘qmi.
Lekin sxema baribir o‘sha-o‘sha: agar ishni NBU Galereyasida ko‘rsatsangiz, Art Week’da chiqarsangiz yoki Olmaotadagi yarmarkaga yuborsangiz — narx ko‘tariladi. Agar u uyda yotsa yoki faqat shaxsiy tanishlar orqali sotilsa — o‘zgarishsiz qolaveradi.
Yaxshi xabarlar ham bor. O‘zbekistonda san’at bozori so‘nggi yillarda mintaqa uchun kam uchraydigan o‘sish davrini boshidan kechiryapti: oxirgi yillarda keyingi rivojlanish uchun zarur bo‘lgan infratuzilma qurilishi boshlab yuborildi. O‘zgarishlarning eng ko‘zga ko‘rinadigan ramzi esa Toshkent zamonaviy san’at markazi (CCA) rekonstruksiyasi. Bu shunchaki ta’mirlangan bino bo‘lmaydi, rassomlar rezident bo‘la oladigan, o‘z ishlarini ko‘rsata oladigan va qo‘shni poytaxtlardagidek xalqaro bozorga kirib boradigan maydon bo‘ladi.

Savitskiy muzeyi, Nukus
Shu bilan birga, bizda yana bitta asosiy madaniy merosimiz bor — Nukusdagi Savitskiy muzeyi. U dunyodagi avangard bo‘yicha eng noodatiy kolleksiyalardan biri hisoblanadi. Aynan shu muzey xalqaro auditoriyaga O‘zbekistonning badiiy tarixi borligini eslatib turadi. Bu muhim, chunki zamonaviy bozor doim o‘tmish merosiga suyangan holda harakatlanadi.
Oldinga siljish ham sezilyapti. Yangi rezidensiyalar, muzey dasturlari, xalqaro ko‘rgazmalar va ta’lim tashabbuslari rassomlar uchun kirish eshiklarini ochyapti. Lekin tijoriy tomoni — shaffof savdolar, professional baholovchilar, dilerlik tarmoqlari — hozircha madaniy o‘sishdan ortda qolyapti. Mahalliy bozor hali o‘zi yaratishni biladigan narsani sotishni o‘rganishi kerak.
Lekin bozor o‘z qoidalari bilan qanday o‘ynamasin, san’at baribir moliyaviy hisobotga sig‘maydigan narsa bo‘lib qoladi. Narx — asar haqida gapirishning shunchaki bir usuli xolos, va u ko‘pincha eng yuzakisi. Haqiqiy qiymat esa odam bilan obyekt orasida bo‘ladigan narsada yashaydi: rasmga qaraganingizda paydo bo‘ladigan tuyg‘uda, va nega u yuragingizni tez urdirib yuborganini tushuntirib bera olmaganingizda. Bu narsa na sotiladi, sotib olinadi.

Kazimir Malevich, Qora kvadrat, Tretyakov galereyasi, Moskva
Nimaga Malevich mln dollarlar turadi, Isfandiyor Haydarov esa — mln so‘m
San’atda narx qanday ishlashini oxirigacha tushunish uchun, ikki mutlaqo boshqa-boshqa dunyoni solishtirishning o‘zi yetarli. Biri — Malevich. Uning Suprematik kompozitsiya asari 2018-yilda CHRISTIE’S auksionida deyarli $86 mln ga sotilgan. Ikkinchisi esa — Isfandiyor Haydarov, O‘zbekistonning eng mashhur zamonaviy rassomlaridan biri. Uning kartinalarini mahalliy ko‘rgazmalarda, xususiy kolleksionerlar kolleksiyalarida, hatto OLX’da ham taxminan 5 mlng so‘mga topish mumkin. Va shu kontrastning o‘ziyoq tizimni har qanday darslikdan ham yaxshiroq tushuntirib beradi.

Manba
Nega farq bunchalik katta? Malevich «kvadrat chizgani uchun» qimmat turmaydi. U san’at tilini o‘zgartirgan, boshlang‘ich nuqtaga aylangan, tasviriy san’atning yangi davrini boshlab bergan. Uning kartinalari kamyob, muzey darajasida, ko‘rgazmalar tarixiga ega. Ular bozorda shunchalik ko‘p marta qayta sotilganki, har bir tranzaksiya ularning ham madaniy, ham moliyaviy og‘irligini oshirib borgan.
Isfandiyor Haydarov hikoyasi esa — buning teskarisi. U hozir va shu yerda yashab, ijod qiladi. U rangga, milliy ritmga, ichki impulsga to‘la ishlar yaratadi va buni xalqaro muloqotni bemalol ko‘tara oladigan darajada qiladi. Masalan, ustaning Oltin kuz asari 1994-yilda Luvr tomonidan sotib olingan. Uning iste’dodini juda ham yaxshi bilaman. Isfandiyor bilan shaxsan tanishman va hatto 2020-yilda uning shaxsiy ko‘rgazmasini tashkil etganlardan biri bo‘lish baxtiga erishganman. Va uni o‘z avlodining eng iste’dodli vakillaridan biri deb, ishonch bilan ayta olaman.
Lekin iste’dod boyib ketishni kafolatlamaydi. O‘zbekistonda haqiqiy rassom ter to‘kib mehnat qiladi, lekin mahorati darajasiga qaraganda ancha kamtarona yashaydi. Uning asarlari xalqaro auksionlarda qatnashmaydi, ularni Nyu-Yorkda, Londonda yoki Parijda kolleksionerlar qayta sotmaydi. O‘zbekiston bozori esa hozircha juda yosh, u rivojlangan art-infratuzilmaga ega mamlakatlarda rassomlarga beriladigan moliyaviy yo‘nalishni hali bera olmaydi.
Shu sababli Malevichning rasmlari yangi qurilgan uylar kvartalichalik tursa, Haydarovniki esa o‘rtacha telefon narxiga teng. Bu biri daho, ikkinchisi esa yo‘q degani emas. Biri ulkan tarixiy va bozor mashinasiga bog‘langan, ikkinchisi esa san’at endi-endi o‘z institutlari va arxivlarini qurayotgan real hayotda yashayapti.
Lekin narx — hukm emas. Balki 10 yoki 20 yildan keyin Haydarovning asarlari butunlay boshqacha sotilar — qimmatroq, shov-shuvliroq, boshqa ko‘lamda. Bu xomxayol emas, rassom va uning atrofidagi bozor rivojlanishining oddiy mantig‘i. San’at olami bir lahzada ko‘pincha adolatsiz tuyulsa-da, vaqt o‘tishi bilan ko‘ringanidan ham ko‘proq halol bo‘lib chiqadi.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda
