Har safar do‘konga borish «bu safar aniq hech narsani isrof qilmayman» degan olijanob maqsadlar bilan boshlanadi. Lekin bir hafta o‘tgach, sovitkichdagi bananlar old-school rep uslubida yakkaxon chiqishini mashq qilayotgan, avokado e’tiborsizlikdan xafa bo‘lib turgan, issiqqina sho‘rvada birlashishni orzu qilgan sabzavotlar esa g‘alati hidlar va o‘tmishdagi saraligining xira xotiralar kolleksiyasiga aylanib qolgan bo‘ladi. Oqibatda — ularni tashlab yuborishga majbur bo‘lamiz. Har safargidek.
Oziq-ovqat mahsulotlari sovitkich muzeyi eksponatiga aylanishini to‘xtatish uchun yondashuvimizni ozgina o‘zgartirish kerak. Keling, axlat chelagini boqishni to‘xtatib, oqilona xarid qilishni qanday boshlashni ko‘rib chiqamiz.
1-maslahat: oziq-ovqat xaridini rejalashtiring
Avvaliga biroz she’riyat: ba’zida muddati o‘tgan mahsulotlar ko‘rgazmasini eslatsa-da, sovitkich san’at asari emas. Dam olish kunlarini tozalashga kamroq sarflash va pishirishga yaroqsiz sarimsoqni izlab sarson bo‘lmaslik uchun eng oddiy narsadan — rejalashtirishdan boshlaymiz.
Men mahsulotlarni 2 toifaga ajrataman: asosiy va «ilhomga ko‘ra». Asosiylarini beixtiyor olaman. Hammaning o‘z ro‘yxati bor, lekin ko‘pincha unga sut, tuxum, non, yog‘ va un kiradi. Mening ro‘yxatimga yana bodring, sabzi, mevalar, chuchvara va makaron ham kiritilgan — bu eski ishonchli «hech narsa qolmaganda…» to‘plami. Ularni ro‘yxatga ko‘r-ko‘rona qo‘shish mumkin — baribir asqotadi.
Ikkinchi turdagi mahsulotlar esa — kayfiyat yulduzlari. Agar batat yoki avokado o‘zining g‘aroyib jozibasi bilan sizni o‘ziga tortsa-yu, lekin ulardan nima tayyorlashni bilmasangiz — do‘konning o‘zida retsept toping. Yetishmayotgan masalliqlarni qo‘shing — shunda batatni polietilen paket bezagiga aylantirmasdan, undan biror taom tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
Do‘konga borishdan oldin yaqin 2-3 kunda nima pishirishimni o‘ylab ko‘raman. «Bundan nima tayyorlash kerak» degan aniq fikr bo‘lmasa, kassaga yaqinlashmayman. Faqat ongli qarorlar va sovitkichdagi har bir qovoqcha o‘z taqdirini biladigan tinch tokchalar bo‘lishi kerak.

2-maslahat: kam-kamdan oling
Eski o‘zbek «bozorligini» juda yaxshi tushunaman. Lekin oziq-ovqatlarni tashlab yuborishdan ko‘ra, oz-ozdan sotib olganingiz yaxshiroq.
Kelin guldastasiga yetadigan ko‘katlar bog‘i yoki kattaroq pomidor qutisini olish foydali tuyulishi mumkin. Lekin bir-ikki kundan keyin sovitkichingiz botanika tajribaxonasiga, o‘zingiz esa yangi (to‘g‘rirog‘i, juda eski) piyoz navini yetishtiruvchi olimga aylanib qolasiz.
Shaxsiy tajribamdan kelib chiqqan holda katta qadoqlar ko‘pincha isrofga olib keladi deb ayta olaman. Hozir esa hamma narsani kam-kamdan olaman — bir nechta piyoz, ikki-uchta pomidor, yarim bog‘ ko‘kat. Ba’zida bozorning o‘zida bo‘lib berishlarini so‘rayman — hozirgacha hech kim yo‘q demagan.
Tez buziladigan mahsulotlarni o‘lchab olgan yaxshi. O‘lchashga ortiqcha vaqt ketkazsangiz ham, bu pulingizni tejaydi.
Kamroq — yomonroq degani emas. Bu — oqilona yondashuv degani.

3-maslahat: mahsulotlarni to‘g‘ri saqlang
Sovitkichning o‘ziga xos tabiati bor. U tartib va keng joyni yoqtiradi. Shunda havo yaxshi aylanadi va olma tvorog uchun yostiqchaga aylanib qolmaydi.
Tez buziladigan barcha mahsulotlar ko‘zga tashlanadigan joyda turishi kerak. Qolganlarini esa orqaroqqa qo‘ysa bo‘ladi. Xuddi supermarketda muddati ertaga tugaydigan sut doimo old qatorda turganidek.
Mana, oziq-ovqatlarni saqlashning asosiy qoidalari:
Kartoshka | qorong‘i, salqin va iloji bo‘lsa alohida joyga qo‘ying. Oldiga olma va piyozlarni qo‘ymang — ular etilen ishlab chiqaradi, natija kartosha gullab ketadi |
Banan, mango, shaftoli | boshqa mevalardan alohida saqlang |
Pomidor | sovuqni yoqtirmaydi. Sovitkichda ta’mini yo‘qotadi. Xona haroratida saqlaganingiz yaxshiroq |
Sabzi va selderey | suvda o‘zlarini yaxshi his qilishadi. Faqat suvni tez-tez almashtirib turishni unutmang |
Salat bargi | yuvib, quritib, qog‘oz salfetkali konteynerga soling |
Zanjabil va limon | sovitkichda so‘lib qoladi. Yaxshisi, ularni chiroyli mevadonda dasturxonga qo‘yib, mehmonlar ko‘zini quvontiring |
Ko‘kat | uni suv yoki nam doka solingan idishga qo‘ying, ilk ko‘rinishini saqlab, sizga rahmat aytadi. So‘lib qolsa, tashlab yubormang. Zaytun yog‘i bilan blenderda aralashtirib oling va qoliplarga quyib, muzlatkichga solib qo‘ying. Pasta uchun ajoyib qayla bo‘ladi |

4-maslahat: yeyishga ulgurmagan narsalaringizni muzlatib qo‘ying
Muzlatkich — ovqat o‘z navbatini kutadigan vaqt mashinasi.
Ko‘pincha sho‘rvalar uchun sabzi, piyoz, qovoqcha kabi sabzavotlarni tayyorlab qo‘yaman. Yoki smuzi uchun mevali aralashmalarni porsiyalab, paketlarga joylayman. Hatto nonni ham kesib, muzlatib qo‘yaman — keyin tosterda bir zumda tayyorlab olaman.
Yaqinda esa quymoq xamirining qoldig‘ini qoliplarga quyib chiqdim. Ertalab kubikni olib, tovaga tashlaysiz va nonushta tayyor. Shoshilmay, asabiylashmay.
Oshxonada tartib saqlash — bu qattiqqo‘llik emas, balki erkinlik haqida. Hamma narsa qo‘l ostingizda bo‘lsa, barcha mahsulotlar o‘z vaqtida yeyilsa va hech narsa isrof bo‘lmasa, yoqimli nazorat hissi paydo bo‘ladi. Shunda sovitkich yoritqichli tartibsizlik qutisi bo‘lishni to‘xtatib, samarali tizimga aylanadi. Bu yerda har bir mahsulot o‘z o‘rnida turadi. Axlatga joy qolmaydi. U yerda shirin, xotirjam va chinakam uy muhiti hukmron bo‘ladi.
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.