Ramazon oyi butun dunyo musulmonlari uchun ruhiy poklanish, samimiy niyatlar va ro‘za tutish bilan to‘lgan muqaddas oydir. Biroq kun bo‘yi davom etgan ro‘zadan so‘ng dasturxondagi taomlarning mo‘lligi, haddan tashqari ovqatlanish va nomutanosib kundalik tartib salomatlikka salbiy ta’sir etishi mumkin. Keng tarqalgan xatolardan saqlanish va sog‘ligingizni saqlash, hattoki uni mustahkamlash uchun quyidagi foydali maslahatlardan foydalaning.
Saharlikda uxlab qolmang
Shuni yodda tutish kerakki, saharlik — kundalik ro‘zadan oldingi so‘nggi ovqatlanishdir. Saharlik qanchalik foydali va to‘yimli bo‘lsa, iftorgacha shuncha kuch-quvvat yetadi. Eng yaxshisi, sekin hazm bo‘ladigan mahsulotlarni tanlash: suli bo‘tqasi, butun donli non, yong‘oq, xurmo, banan kabilar. Oqsillar haqida ham unutmaslik lozim: tvorog, pishloq, tuxum shular jumlasidandir.
Agar erta turib bo‘tqa tayyorlash qiyin bo‘lsa, «dangasa suli bo‘tqasi»ni tayyorlash mumkin. Uyquga yotishdan oldin kichik idishga suli soling, ustiga yunon yogurti yoki sut quying (hatto bodom suti ham to‘g'ri keladi), o'zingizga yoqqan topping (banan, reza mevalar, yong‘oq va hokazo) seping, so‘ng muzlatgichda qoldiring — mana, sizning «dangasa suli bo‘tqangiz» saharlikka tayyor bo‘ladi.
Ovqatlanishni xurmodan boshlang
Xurmo magniy, kaliy va uglevodlarga boy meva hisoblanadi. U kun bo‘yi energiya bilan ta’minlaydi, shuningdek, ovqat hazm qilish tizimining ishlashini tartibga soladi.
Ramazon oyida xurmo iftorlikni boshlash uchun an’anaviy meva sanaladi. Bir kilo xurmo narxi 47 000 so‘mdan 280 000 so‘mgacha boradi — bu xurmo navi, o‘lchami va import qilingan mamlakatiga bog‘liq.
Mening fikrimcha, eng mazali navlardan biri Medjul va Ajva. Medjul yirik, yumshoq va karamel ta’miga ega. Ajva xurmosi esa biroz asal ta’mini beradi va nisbatan zichroq bo‘ladi.

Suvni me'yorida iching
Suv iching — to‘g‘ri suv muvozanati o‘zingizni yaxshi his qilishingizga va suvsizlanishning oldini olishingizga yordam beradi. Chanqoqlikni keltirib chiqaradigan mahsulotlardan saqlanishga harakat qiling, masalan: tuzlangan bodringlar, dudlangan mahsulotlar, ziravorlar va shirinliklardan. Shuningdek, yangi meva va sabzavotlar tanangizni juda yaxshi tetiklashtiradi va suv muvozanatini saqlaydi.
Yana boshqa variantlardan biri sifatida ovqatlanish tartibingizga yangi sabzavotlardan tayyorlangan salatlarni qo‘shing. Masalan, bizning sevimli «achiq-chuchukimiz» yoki ko‘proq yevropacha variant — «yunon salatini» salat barglari, zaytun moyi va limon sharbati bilan xushta’mlangan holda tayyorlang.
Ortiqcha ovqatlanmang va ovqatga tashlanib ketmang
Esda tutingki, uzoq muddat ro‘za tutgandan so‘ng ovqatlanishni boshlayapsiz, shuning uchun organizmni stressga solmang. Katta hajmdagi, yog‘li va haddan tashqari ziravorli taomlar iftorlik uchun eng yaxshi tanlov emas. Bir stakan suv va xurmo iste’mol qilgandan so‘ng, yangi sabzavotlardan tayyorlangan salatga o‘ting. Asosiy taomlar uchun tolali va oqsillarga boy mahsulotlarni tanlang. Tolalar uglevodlarning so‘rilishini sekinlashtiradi, bu esa uzoq vaqt to‘qlik hissini beradi. Oqsillar esa teri, soch, bo‘g‘imlar salomatligini saqlash, shuningdek, yangi hujayralar va to‘qimalar shakllanishi uchun zarur.
Tavsiya: to‘liq ta’m va foydalilik uchun tovuq go‘shti, yog‘siz mol go‘shti, tuna balig‘i, dukkaklilar, ismaloq, brokoli, chiya urug‘i, zig‘ir yoki qovoq urug‘lari juda mos keladi. Foydali degani — mazasiz degani emas.
Agar iftorlikka tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqtingiz yetishmasa, tashvishlanmang. Siz doim yarim tayyor mahsulotlardan foydalanishingiz mumkin. «Папа лепит», «Mama Chef» va «Мамины полуфабрикаты» kabi variantlarga e’tibor qarating. Bordi-yu, ishdan keyin ovqat pishirishni yoqtirmasangiz, ko‘pchilik restoran va kafelar Yandex, Wolt yoki Uzum Tezkor xizmatlari orqali taomlarni yetkazib berishni taklif etadi.

To'lovni osonlik bilan amalga oshiring!
AVO to'lov stikerlari — qulay xaridlar uchun
Harakatda bo‘ling
Iftordan so‘ng uyingiz yonida yoki istirohat bog‘ida sevimli yo‘nalishingiz bo‘ylab 1–2 soat sayr qiling. Bu ovqat hazm bo‘lishiga yordam beradi va ish kunidan keyin yaxshi dam olish imkonini yaratadi. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, uyqudan oldin sayr qilish chuqur uyqu bosqichiga tezroq kirishga yordam beradi: ertalab o‘zingizni tetik his qilasiz.
Ramazon nafaqat jismoniy, balki ma’naviy poklanish vaqti hamdir. Salbiy fikrlardan chetlashing, har doim vaqtingiz yetishmagan foydali odatlarni shakllantirishni boshlang. Masalan, ro‘za davomida bo‘sh vaqtingizni kitoblar yoki foydali maqolalar o‘qish bilan to‘ldiring.
Agar nima o‘qishni bilmasangiz, AVO gap sahifasiga kirib ko‘ring. U yerda doimo hayot, madaniyat yoki moliya haqidagi qiziqarli maqolalarni topasiz.
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Narxlar taxminiy va faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi.