Dekabrda Toshkentda hayot tezlashadi. Yo‘llarda mashinalar yig‘ilib qoladi, ish ko‘payib ketadi, sovg‘alar oxirgi paytda esga tushadi, atrof girlyandalar bilan bezatiladi, Yangi yil kayfiyati esa goh bor, goh yo‘q. Shunaqa kunlarda odam bitta narsani — ortiqcha ovora bo‘lmaslikni xohlaydi. Hech qayerga bormay, onlayn buyurtma qilib, mavzuni yopgingiz keladi. Firibgarlar ham aynan shu «tez va qulay yechimlar» da pul qozonishadi.
Quyida Yangi yil arafasida pulini firibgarlarga berib qo‘ygan 3 kishining hikoyasi bilan tanishtiramiz. Ularning har biri bayram kayfiyatini yaratish maqsadida firibgarlar tuzog‘iga tushib qolgan.

«Ota-onamga Yangi yil uyushtirmoqchi edim»
Ilyos, 42 yosh, Toshkent
Men biznesmenman, o‘zim Toshkentdanman, lekin Qozog‘istonda ishlayman. Biznesim mavsumiy, Yangi yil oldidan ish ko‘payib ketadi. Ota-onam yoshi katta, uydan deyarli chiqishmaydi. Meni kutishardi, qo‘ng‘iroq qilishardi. Lekin ishlarimni tugata olmaganim uchun borolmasligimni tushundim. Aybimni yuvgim, ularni xursand qilgim, tabriklagim keldi. Pul muammo emas. Men ularga chiroyli sun’iy archa buyurtma qilmoqchi bo‘ldim. O‘zlari olib kelib, o‘rnatib berishlari kerak edi.
Instagram’da premium quyma archalar sotadiganlarning sahifasini topdim. Obunachilari ko‘p, rasm va videolari, yaxshi izohlar ham bor edi. Yozdim, shartlari qandayligini so‘radim va qo‘shib to‘lasam, o‘zlari olib kelib, o‘rnatib berishadimi, deb so‘radim. Juda professional javob berishdi, archalar narxlarini yuborishdi, Toshkent bo‘yicha ishlashlarini, yetkazib berib, o‘zlari o‘rnatishlarini aytishdi. Men tanlagan modelni 3 mln so‘m deyishdi. Ozgina savdolashganimdan keyin chegirma sifatida bepul yetkazib, o‘rnatib berishlarini aytishdi, faqat 100% to‘lov qilish kerak edi. Karta raqamini yuborishdi. Pul o‘tkazdim. Onamga qo‘ng‘iroq qilib, xursand qildim. Keyin do‘kon chatiga oyimning telefon raqamini yubormoqchi edim. Chatni ochsam, hamma yozishmalar o‘chib ketgan. Yozsam, javob berishmadi.
Achinarlisi o‘sha 3 mln so‘m emas. Eng yomoni — ota-onamga yolg‘on gapirishga majbur bo‘lganim. Chunki ularning 2 oylik nafaqasiga teng pulni o‘z qo‘llarim bilan firibgarlarga berib qo‘yganimni ayta olmasdim. Toshkentdagi do‘stimdan iltimos qildim, u bozordan archa olib, o‘zi borib berib keldi. Lekin mening bayram kayfiyatim nolga tushdi.
«Bolalar archa kutishardi»
Sadoqat, 35 yosh, xususiy bolalar bog‘chasi administratori, Toshkent
Men biryo‘la 2 ta archa qidirayotgandim. Bittasini bog‘chaga kirish joyiga, ikkinchisini esa tadbirlar o‘tkaziladigan zalga qo‘ymoqchi edik. Ota-onalarga ham, bolalarga ham yoqishi uchun tejamaslikka qaror qildik. Bizda rahbariyatning hammasi ayol kishi, butun xo‘jalik o‘zimizda. Bozorma-bozor, do‘konma-do‘kon yurib ovora bo‘lmaslik uchun masalani oson hal qilgimiz keldi.
Odatda kerakli narsalarni olx’da qidiraman, lekin telefonimda reklama chiqib qoldi, aynan bizga kerakli archa sotisharkan. Akkaunt ham ancha jiddiy ko‘rinardi. Obunachisi ko‘p, obzorlar, haylaytlar bor edi.
Chatda juda yoqimli qiz hamma savollarga javob berardi, yurakcha-smayliklar yuborardi. Shartlarini batafsil tushuntirdi, olib kelib, yaxshigina qilib o‘rnatib berishni va’da qildi. Hamkasbim bilan qaysi archani olish haqida yana 2 soatcha tortishib o‘tirdik, rasmlarni sinchiklab ko‘rdik, qanday turishini tasavvur qildik, o‘lchami to‘g‘ri keladimi, deb hisoblab ko‘rdik. Oxiri tanladik, narxini aytishdi, qimmatgina archani tanlabmiz. Har biri 1 700 000 so‘mdan. Arzonroq qilib berishlarini so‘radim. 100% to‘lasam 200 ming tushishlarini aytdi. Hamkasbim bu xabarni ko‘rib, «aldab ketishmaydimikan», deb xavotirlandi. Men esa «hozir hamma oldindan to‘lov bilan ishlaydi», deb qo‘ya qoldim. Pulni o‘tkazdik, keyin o‘tirib buyurtmani kutdik. 1 soat yo‘q, 2 soat yo‘q. Nega kelishmayotganini so‘ramoqchi bo‘lib chatni ochsam, u bo‘m-bo‘sh!
Bu byudjetimizga juda katta zarba bo‘ldi, ayniqsa Yangi yil oldidan. Oxiri marketpleysdan 2 ta archani muddatli to‘lovga buyurtma qildik. Endi to‘lab yuramiz.
«Salon uchun archa buyurtma qilishimni so‘rashgandi»
Alyona, 24 yosh, go‘zallik salonida manikyur ustasi, Toshkent
Bizning salon kichkina, o‘zimiz yig‘ishtiramiz. Salonda bayram kayfiyati bo‘lishi uchun salon egasi menga zalni bezatishni topshirdi. Men ham qarshi bo‘lmadim, bunaqa ishlar yoqadi. Menga 1 mln so‘m ajratishdi. Yangi yil oldidan esa mijozlarim ko‘p edi. Ularni yo‘qotmaslik maqsadida vaqtni tejash uchun archani buyurtma qilishga qaror qildim.
Instagram’da bir do‘kon topdim, sahifasini tekshirdim, savollar berdim, muloyim javob berishdi. Hammasi yaxshi servisga o‘xshardi. Archalari 1 mln dan qimmatroq ekan, lekin men arzonrog‘ini topishlarini so‘radim. Pulni o‘tkazishim bilan, chatni o‘chirib tashlashdi, xabarlarimga ham javob berishmadi…
Men yig‘lab yubordim, salon egasiga qo‘ng‘iroq qildim, vaziyatni tushuntirdim. Bitta ishni eplolmading, top endi pulni deb baqira ketdi. Rostdan ayb o‘zimda edi, o‘zim shunaqa sotuvchini tanladim. Endi pulni bo‘lib-bo‘lib qaytaryapman. Topgan pulimning hammasi qarzni yopishga ketyapti. Eng alam qiladigani, uyimda ham archa yo‘q, endi olishga ham pul qolmaydi. Bezatilgan vitrinalarni ko‘rsam, ichim achib ketyapti.

Bu sxema qanday ishlaydi
Muhimi, bu bitta-ikkita holat emasligini tushunish kerak. Bu mashhur sxema va bunday firibgarliklar faqat Toshkentdagina emas.
- Chiroyli Instagram akkaunti
Ko‘p vizual, interyerlardan videolar, go‘yoki mijozlar fikri yozilgan haylaytlar. - Shourum yo‘qligi
«Faqat yetkazib beramiz» yoki «ombordan sotamiz» degan gaplar. - Professional yozishma
«Mijozga g‘amxo‘rlik menejeri» degan gaplar servis bor degan taassurotni uyg‘otadi. - To‘liq oldindan to‘lov
Ba’zan chegirma yoki oxirgi archa qoldi degan bahona bilan to‘liq summani talab qilishadi. - To‘lovdan keyin yo‘qolish
Chat o‘chib ketadi, menejer g‘oyib bo‘ladi, telefonlarga javob berishmaydi.
O‘zimizni himoya qilish bo‘yicha chek-list
- Izohlarni sotuvchining sahifasidan emas, qidiruv orqali, chatlarda, mahalliy hamjamiyatlarda izlang;
- Archani haqiqiy shourumi bor joydan oling, faqat gapga ishonib emas;
- Muloyim yozishmalar va emodzilar 🌲 — ishonchlilikning isboti emas;
- «100% oldindan to‘lasangiz bepul yetkazib, o‘rnatib beramiz», degan gaplar — xavfli signal;
- Mahsulot hali qo‘lingizda bo‘lmasa, 100% oldindan to‘lovga ko‘nmang;
- Eng zo‘r variant — o‘zingiz olib ketish yoki olganda to‘lash.
Yangi yil oldi yaxshilikka ishonishni istaysiz. Bu oddiy hol. Lekin bayram — faqat chiroqlar va archa emas. Bayram — bu o‘zingizni xavfsiz his qilish ham. Bu yil sizda ikkisi ham bo‘lsin 💚
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda
