Avvaliga kuldim. Keshbekni sarmoyaga aylantirish? Xuddi qahva bankasining tagidagi tangalarni Apple aksiyalariga joylashtirmoqchidek gap. Ammo bir kuni kartamga Soliqdan 6000 so‘m keshbek tushganda, o‘ylanib qoldim: nega yo‘q ekan?
Bu pullar maosh emas, men ularni ishlab topmaganman. Shunchaki soliqlarni to‘ladim-u, menga summaning bir qismini qaytarib berishdi — shunchaki. Xuddi shunday bonuslar menga 1–2 ta bank ilovalardan tushadi. Odatda ular qahva yoki chipsga sarf bo‘lib ketadi. Lekin men o‘yladim: agar yig‘ib borsam-chi? Shunchaki tajriba uchun.
Men buni qanday sozlaganimni aytib beraman
Bank ilovamda alohida jamg‘arma hisob raqamini ochdim. Hozirgi kunda deyarli har qanday bankda bu 2 daqiqada amalga oshiriladi — «Jamg‘arma hisobini ochish» tugmasini bosish kifoya, hech qanday hujjat yoki ortiqcha rasmiyatchilik talab qilinmaydi.
O‘zimga qoida o‘rnatdim: kartadagi barcha keshbeklar, bonuslar va mayda qoldiqlarni darhol o‘sha hisobga o‘tkazaman. Hech qanday xarajat qilmayman. Hatto 1000 so‘m bo‘lsa ham. 1 oydan keyin 42 000 so‘m yig‘ildi. 3 oydan so‘ng esa — 130 000 so‘mdan ortiq bo‘ldi.
Bank foiz hisoblaydi — mening holatimda yillik 19%. Bu ko‘p emas, lekin yoqimli. Eng muhimi — xavfsiz. Pul istalgan vaqtda foydalanish uchun mavjud, lekin men unga tegmadim. O‘zimni qiynamasdan qancha jamg‘ara olishimni ko‘rmoqchi edim.

Keyin voqealar yanada qiziqarli tus oldi
Keyinchalik qayerga mablag‘ kiritish mumkinligini o‘rganishni boshladim. Shunda yangi boshlovchilar uchun 3 ta xavfsiz yo‘l mavjudligini angladim:
- Jamg‘arma hisobi boshlash uchun qulay, ammo undagi daromad cheklangan.
- Davlat obligatsiyalari bank ilovasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilinadi. Minimal kiritish summasi 100 000 so‘mdan boshlanadi, daromadlilik esa yillik 17–20% atrofida. Kerakli mablag‘ yig‘ilgach, bitta obligatsiya sotib oldim. Biroz hayajonli bo‘lsa-da, ilovada hammasi tushunarli ekan: tanladim, tasdiqladim va shu zahotiyoq daromad kelishi boshlandi.
- Uchinchi qadam — ETF yoki boshqa fondlar. Bu real kompaniyalarga investitsiya qilish, lekin aktivlar «savati» orqali. Xavf kamroq, minimal kiritish summasi 5 dollardan boshlanadi. Brokerlik kompaniyalaridan biri orqali brokerlik hisobini ochdim va global bozor uchun bitta fond sotib oldim. Hech narsani chuqur o‘rganmadim — shunchaki sinab ko‘rmoqchi edim.

Keyin-chi?
Jamg‘arma hisobi va obligatsiyalardan keyin men aksiyali fondlarga qiziqish bildira boshladim. U yerda vaziyat yanada qiziqarliroq — global bozorga sarmoya kiritish, Apple, Google, Samsung kabi kompaniyalarning ulushlarini sotib olish mumkin, lekin bu yuzlab aktivlar bo‘yicha xavf taqsimlangan fondlar orqali amalga oshiriladi.
Men bitta ETF — S&P 500 fondini sotib oldim. Minimal kirish summasi 5 dollar atrofida. Kerakli mablag‘ni o‘tkazdim, broker ilovasida fondni tanladim — shu xolos. Bir marta bosish bilan Amerika iqtisodiyotining sherigiga aylanasan.
Endi har oyda keshbeklarning qoldiqlari va boshqa «ortiqcha» pullarni u yerga qo‘shib qo‘yaman. Hozircha haddan oshmasdan. Bu chayqovchilik haqida emas. Men tez foyda ortidan quvmayapman, shunchaki ko‘nikmamni oshiryapman.

Eng muhimi: nima o‘zgardi?
Meni pulga bo‘lgan munosabatim o‘zgardi. Ilgari 3 000 so‘m «arzimagan narsa, yo‘qotsang ham sezmaysan» edi. Hozir esa — bu strategiyaning bir qismi. Xasis bo‘lganim uchun emas. Balki bu pulda foydalanish mumkin bo‘lgan vositani ko‘rayotganim uchun.
Har bir keshbek shunchaki mayda-chuyda emas, balki quyidagilarni mashq qilish imkoniyatidir:
- yangi mahsulotni o‘zlashtirish;
- daromad qanday hisoblanishini tushunish;
- kutishni o‘rganish (bu juda muhim);
- hatto passiv pul ham faqat faol bo‘lganlarga kelishini anglash.
Siz bir kunda sarmoyadorga aylanmaysiz. Ammo har bir tejab qoldirilgan mayda-chuyda bilan, shubhasiz, aqlliroq bo‘lasiz. Keshbekdan boshlang va «tiyinlar» qanchalik tez odatga, odat esa natijaga aylanishini ko‘rib, hayratda qolasiz 💪
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.