• AVO

  • AVO gap

  • Firibgarlar siz kutmagan yerdan chiqadi: aldanib qolishingiz mumkin bo‘lgan sohalar

Firibgarlar siz kutmagan yerdan chiqadi: aldanib qolishingiz mumkin bo‘lgan sohalar

Biz ayrim vaziyatlarda — bankdan qo‘ng‘iroq qilib SMS-kod so‘rashsa, eshikni taqillatib nimanidir sotishga urinishsa, svetoforda mashina oynasidan qo‘l cho‘zib qarashsa, hushyor bo‘lishga o‘rganib qolganmiz. Lekin faqat kamchilik odam hamma narsadan gumon qiladi.

Sumkamizda uzoq kutilgan maoshni olib ketayotgan bo‘lsak, juda ehtiyot bo‘lamiz. Lekin cho‘ntak bo‘sh, kartada esa oxirgi 100 000 so‘m qolgan bo‘lsa-chi? Ko‘pchilik skamerlar faqat ortiqcha puli borlarni ovlaydi, deb o‘ylashadi. Kamtarona yashab, oylikdan oylikkacha  hisob-kitob qilib, qarzlarni tezroq yopish haqida o‘ylab yurgan kishi «mendan nima ham olishardi?» deydi. Lekin jamg‘arma yo‘qligi yoki moliyaviy qiyinchiliklar odamni firibgarlar nazaridan chetda qoldirmaydi. 

Puldan tashqari yana boshqa resurslar ham bor: toza kredit tarixi, mahalla ishonchi, halol ishchi degan nom, yaqinlarning og‘ir paytda yordam berishga tayyorligi. Bularning barchasi skamerlar uchun haqiqiy o‘lja.

Biz bugun O‘zbekistonda uchraydigan to‘rtta firibgarlik hikoyasini jamladik. Ularni o‘qib, yo‘qotadigan hech narsam yo‘q deb o‘ylasangiz ham nega hushyor qolish kerakligini tushunasiz.

Idish sotib oling-u, bosh oshpaz bo‘ling

Teyran, 26 yosh, keytring agentligida oshpaz bo‘lib ishlaydi
Teyran qarigan ota-onasini boqadi, o‘ziga pul qolmaydi. Zo‘r restoranda bosh oshpaz bo‘lishni orzu qiladi. Bir kuni supermarketdan chiqayotganda Teyranga so‘rovnomada qatnashishni taklif qilishdi.

Oddiy savollar berishdi, qayerda ishlashimni, necha yoshligimni, qaysi sohalarga qiziqishimni so‘rashdi, telefonimni ham yozib olishdi. Bir necha kundan keyin qo‘ng‘iroq qilishdi: «Assalomu alaykum, sizni restoran sohasidagi professionallar uchun eksklyuziv taqdimotga taklif qilamiz. Netvorking, yangi tanishlar, jahon brendlaridan sovg‘alar bo‘ladi. Tadbir bepul, o‘zingiz bilan bitta hamkasbingizni ham olib kelishingiz mumkin», deyishdi.

Xursand bo‘lib rozi bo‘ldim. Balki bu menga berilgan imkoniyatdir, kerakli tanish-bilish orttirib olarman deb o‘yladim. Yonimga sherigimni oldim. Manzilga keldik — odatiy ofis, bizdan tashqari yana mehmonlar bor edi. Taqdimotni chet el ohangi bilan gapiradigan bir bosh oshpaz o‘tkazdi.

Cho‘yandan yasalgan brend tovalar to‘plami haqida aytib berdi. Aytishicha, bu idishlarda Mishlen yulduziga ega restoranlardan ham shirinroq ovqatlar pishirish mumkin. Bu fransuz idishlar brendi endi mahalliy bozorga kirib kelyapti. Va biz shunday yuqori darajada ovqat tayyorlaydigan birinchilardan bo‘lishimiz mumkin. Shu brendning cho‘yani bilan istagan nufuzli restoranga yo‘l ochiq — darrov o‘z ishining ustasi ekaningizni tushunib olishlarkanmish.

To‘plam narxi 20 mln so‘m, lekin faqat bugun taklif qilinganlar uchun 80% chegirma amal qiladi. Qarasam, bir necha mehmon darrov kartasini chiqara boshladi. Sherigim ham pul tashlashib olishga ko‘ndirishga kirishdi. Menda esa bunday summa yo‘q edi, chunki u yarim oyligim kelardi! Oldimizga konsultant ayol kelib, «Muammo emas, muddatli to‘lovga olishingiz mumkin. Pasportingiz yoningizdami?» deb so‘radi. Endi sumkamdan pasportimni olayotganimda, nimadir to‘xtatib qoldi. «Pasportim uyda qolib ketibdi», dedim. Konsultant kulib qo‘ydi-da: «Unda hamkasbingiz nomiga rasmiylashtiraylik. Hozir olsangiz, brenddan sovg‘a ham bo‘ladi», deb javob berdi.

Sherigimni qo‘lidan ushlab olib chiqib kettim. Kayfiyatimiz tushib ketdi. Uyga borganimda o‘zimga keldim-u, sal qolsa qayerdagi cho‘yan tovalar orqasidan 4 mln so‘mlik qarzga kirib ketishimni tushundim. Bunaqa idishlar bilan istagan restoranga ishga olishlari esa sodda odamlarning qulog‘iga osilgan lag‘mon edi. Ishga oshpazni olishadi, idishni emas.

Ko‘proq pul topish, professional hayotda o‘sishni orzu qilgan paytingizda qimmat asbob-uskuna muammolaringiz yechimidek ko‘rinadi. Firibgarlar ham shundan foydalanib, go‘yoki sifatli idish-tovoq va professional uskunani palon pulga tiqishtirishadi.

Chiroyli hayotni boshlashning so‘nggi imkoni

Yevgeniya Mixaylovna, 75 yosh, Toshkentlik nafaqadagi ayol
Yevgeniya Mixaylovna butun umrini o‘qituvchilikda o‘tkazgan, yolg‘iz yashaydi, qizi yordam beradi.
Mahalladagi tanishim tadbirga taklif qildi, qo‘lida ortiqcha chiptasi bor ekan. Nima ekanini aniq tushuntirmadi. Hammasi tekin, shunchaki eshitasiz, dam olasiz, aylanib kelasiz, dedi xolos.

Banket zaliga keldik — musiqa, furshet, ekranda O‘rta yer dengizi manzaralari. Odam ko‘p, asosan nafaqadagilar, oilali juftliklar edi. Muhit bayramona. Bir turistik kompaniya taqdimoti boshlandi, kruizlar haqida gapirishdi. Boshlovchilar qayta-qayta «Hech narsa sotib olishingiz shart emas, faqat eshiting», deb aytishdi. Keyin aksiyalar, ko‘p farzandli oilalar va nafaqadagilar uchun chegirmalar haqida gapirishdi. Yo‘llanma yarim narxda, hammasi ichida emish: parvoz, yashash, ovqat, ko‘ngilochar dastur, 10 ta shahar — hammasi atigi 20 mln so‘m. Albatta, men uchun bu katta pul!

Lekin bir oyga va parvoz ham ichida. Mehmonlar orasida shu kruizda bo‘lib kelgan, endi yana borishni istayotgan keksaroq er-xotin ham topildi. «Hayot qisqa, tavakkal qiling, afsuslanmaysiz! Baribir shu pullarni uyda dori-darmonga ishlatib yuborasiz. Dengizga borsangiz esa, uning havosi sizga yaxshi kelib, umringiz uzayadi!» deyishdi. Rostdan ham, hech bo‘lmasa qariganimda kruizga borgim keldi.

Qizimga qo‘ng‘iroq qilib, yo‘llanma uchun qarz so‘radim. Qizim tezda yetib keldi, boshlovchilarga bir-ikki savol berdi-da: «Oyi, bular tovlamachilar», dedi. Qizim bizni sharmanda qilib, bayramni buzyapti deb o‘ylab, boshlovchilar oldida uyalib ketdim. Uzr so‘rab chiqib ketdim, yo‘lda yig‘lab yubordim: go‘yo hayotimdagi so‘nggi sayohat imkoniyatini boy bergandek edim.

Uyga kelgach, qizim internetdan shunga o‘xshash kruizlarni topdi — 3 baravar arzonroq, lekin odamlar juda ham yomon fikrlar qoldirishgan. Ovqat maktab oshxonasida pishirilgandek, kabinalar kir, port shaharlari bir-biridan zerikarli deb yozishgandi.

Bir haftadan keyin tanishim qo‘ng‘iroq qilib, u bilan militsiyaga borib kelishimni so‘radi. Uni kredit rasmiylashtirishga ko‘ndirishgan ekan. Yo‘llanma uchun to‘lov qilganidan keyin firma g‘oyib bo‘lgan».

Yosh oshgan sari yashab qolish istagi kuchayadi. Chiroyli suratlar va bayramona muhit tezda boshni aylantirib, tanqidiy fikrlash qobiliyatini o‘chirib qo‘yadi. Ekzotik ertak va’dasi yonida katta pul ham unchalik katta ko‘rinmay qoladi.

Uydan turib ishlash — oson start

Saida, 34 yosh, Samarqandlik uy bekasi
Saida uzoq dekret ta’tilida, uch farzandi bor. Eri oladigan oylik zo‘rg‘a yetadi. Saida anchadan beri o‘zi ham pul topishni orzu qiladi, lekin rezyumesi bo‘shligidan, ish tajribasi yo‘qligidan, bolalarini kim bilan qoldirishdan xavotir oladi.

Instagramda reklamaga ko‘zim tushdi: «Uyda o‘tirib ishlang. Yaxshi daromad olasiz. Bepul o‘qitamiz.» Qo‘ng‘iroq qildim, darrov javob berishdi. Yoqimli ovozli qiz: «Mas’uliyatli ayollar kerak, bolalar bilan ham ishlasangiz bo‘ladi. Kosmetika sovg‘a to‘plamlarini yig‘ishingiz kerak. Biz sizga tayyor detallarni yuboramiz, siz uyda yig‘ib, bizga qaytarasiz. Birinchi kundan pul to‘laymiz, oyiga 5 mln so‘mgacha topasiz», dedi. Men xursand bo‘lib ketdim: bolalarim yonimda, erimga ham yordam bera olaman.

Keyin menejer: «Birinchi to‘plamni olish uchun to‘lov qilish kerak— atigi 1,5 mln so‘m. Bu siz kosmetikani o‘zingizga olib qo‘ymasligingiz kafolati. Pulni birinchi maoshingiz bilan qaytaramiz», dedi. Menda bunday pul yo‘q edi, akamdan qarz oldim. Kuryer bir quti olib keldi — ichida bir-ikki tasma, bir nechta shisha idish va yo‘riqnoma xolos. Buyurtmani tayyorladim, lekin hech kim javob bermadi. Menejerning telefoni o‘chiq, messenjerdagi chat o‘chirilgan. Quti bir necha so‘m turadi, lekin qarz bo‘ynimda qolib ketdi.

Saida hali ham akasiga qarzini uzayapti, ishlayman deb, aldanib qolgani haqida esa eriga aytishga uyaladi.

Odam o‘ziga mos ish izlab, oddiy ishda rad javobi olishga qo‘rqayotganida tajribasiz ishlash imkoniyati va’dasiga oson ishonib qoladi. Va’da qilingan katta daromad yonida kichkina garov arzimasdek ko‘rinadi.

Orzudagi xorijiy ish

Farruh, 23 yosh, muhandislik-pedagogika instituti bitiruvchisi
Farruh o‘z karyerasini qurish uchun ota-onasidan qarz olib, Namangandan Toshkentga ko‘chib keldi. Lekin oson bo‘lmadi: muhandis bo‘lish uchun tajriba kerak, qurilishda ishlashni esa xohlamasdi. Nafaqadagi ota-onasining bor umidi Farruhda, Toshkentda esa uy ijarasi qimmat.

Telegramda e’lon ko‘rdim: «Janubiy Koreyada ish. Ishlab chiqarish obyektlarini loyihalash, rasmiy ish, oylik $1 500 dan boshlanadi, yotoqxona va ovqat bepul». Qo‘ng‘iroq qilsam, bir erkak o‘zini vositachi sifatida tanishtirib, bu hukumat dasturi ekanligini aytdi. Faqat viza, chipta, tibbiy ko‘riklardan iborat tayyorgarlik paketi uchun 6 mln so‘m to‘lash kerak ekan. Bir oy ichida Seulga uchasiz, deb va’da berdi. Men rostini aytdim: bunday pulim yo‘q, qarz ham ololmayman. U dalda berib: «Bu normal holat, kredit rasmiylashtirishda yordam beramiz, hamma shunday qiladi, birinchi oylikdan yopasiz», dedi.

Hujjatlarni yig‘ib, ularning ofisiga bordim. Hamma narsa oddiy ofislarnikidek edi: chiroyli mebel, bukletlar, kompyuterlar. Shartnoma imzoladik — huquqiy atamalar ko‘p edi. «Bir haftadan keyin pasport bilan keling, vizani rasmiylashtiramiz», deyishdi. Belgilangan kuni bordim — eshik qulflangan, telefonlar o‘chirilgan. Qo‘shni ofisdagilar kompaniya ko‘chib ketganini aytishdi. Kredit olgan bankka yugurdim, «hech narsa qila olmaymiz», deyishdi. Militsiyaga ariza yozdim, ulardan «bunday holatlar ko‘p, pulni qaytarish umidi kam», degan javobdan boshqa narsaga erishmadim.

Qarz botqog‘idan chiqib, chet elda yaxshi pul topish orzusi yoshlarni skamerlarning oson o‘ljasi qiladi. Katta summa kelajakka sarmoyadek ko‘rinadi, chiroyli afsona esa go‘yo haqiqiy ijtimoiy lift bo‘lib tuyuladi.

Maqolamiz qahramonlari — aqlli va halol, tavakkal qilmaydigan insonlar. Ular qanday qilib firibgarlarning qo‘liga tushib qoldi?

  • O‘zgarishlar istagi. Har kim qarzlarni yopib, boshqa mamlakatlarni ko‘rib, o‘zini omadli his qilib, oilasining ahvolini yaxshilashni istaydi. Yaxshiroq yashash istagi hammamizga tanish.
  • Bir qadamda ijtimoiy holatni yaxshilab olish. Firibgarlar yangi hayotga tez yo‘lni va’da qilishadi: bitta xarid orqali tayyor karyera, hashamatli kruiz, chet elda ish. Ba’zan shunaqa mo‘jiza aynan bizning hayotimizda bo‘ladi deb umid qilamiz.
  • Ishonch illyuziyasi. Ishonchli taqdimotlar, o‘ziga ishongan menejerlar, xorijiy mutaxassislar, zamonaviy ofislar, ko‘pchilik ta’siri— bularning bari ishonch uyg‘otadi.
  • Shoshilinchlik bosimi. «Chegirma faqat bugun amal qiladi», «Garov kiritish kerak», «Joylar cheklangan». Shunaqa gaplar bilan sizdan sovuqqonlik bilan qaror qabul qilish imkoniyatini olib qo‘yishadi.

Bunday aldov usullarining ogohlantiruvchi belgilari

  • Oldindan to‘lov qilish evaziga mukofot. To‘lovni hoziroq talab qiladigan kruizlar, ish takliflari yoki sarmoyalar— deyarli har doim tuzoq.
  • Rasmlardagi ortiqcha hashamat. Taklif ertakka o‘xshab ko‘rinsa, darrov shubhalaning.
  • Beminnat saxiylik. Sizni mehmon qilishadi, ko‘nglingizni olishadi, sizdan hech narsa talab qilishmaydi, oxiri o‘zingizni nimadir sotib olishga majburdek his qilasiz.
  • Shoshilinchlik va bosim. Hoziroq qaror qabul qilishga majburlashadi — bu xavf belgisi.
  • Narx bilan qiymat mos emas. «Sifatli idish — arzon narxda» yoki «Bozor narxidan 3 karra past narxdagi yo‘llanma» — albatta tekshirib ko‘ring.

Pulga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak?

Bolalaringiz, qarindosh-urug‘laringiz, do‘stlaringiz, hamkasblaringizga qo‘ng‘iroq qiling. Yoningizda bo‘lmagan, vaziyatga chetdan qaray oladigan odam bo‘lsin. Yaqinlaringiz savollari va shubhalari sizni hushyorlikka qaytaradi, o‘ylamay qilingan xarajatlardan saqlaydi.

O‘ylab ko‘rish uchun vaqt oling. Shoshiltirishga odatda faqat firibgarlar urinadi: haqiqiy aksiyalar bir necha kun, hafta, hattoki oylab davom etadi. Imkoniyatingiz qochib ketmaydi. Ikki-uch kun xotirjam o‘ylab ko‘ring, kompaniyani internetdan tekshiring yoki yaqinlardan iltimos qiling.

Kompaniya va tovarni tekshiring. Ishonchli turoperatorlar, ish beruvchilar yoki brendlar reyestrlarga kiritilgan bo‘ladi, litsenziyasi bor, ijtimoiy tarmoqlarda faol sahifalari va haqiqiy izohlari bo‘ladi. Agar firmani topish qiyin bo‘lsa yoki oddiy saytdan boshqa hech narsasi bo‘lmasa — katta ehtimol, bu firibgarlarning ishi.

Agar tezroq yaxshi yashashni istasangiz, notanish odamlar tiqishtirayotgan omad kalitlarini sotib olmang. Qarorni o‘zingiz qabul qiling, shaffof moliyaviy vositalarni tanlang.

Shunday vositalardan biri — AVO platinum: yashirin komissiyalarsiz, tushunarli shartlar bilan kerakli summani olish imkonini beradigan kredit kartasi. U bilan o‘qish, yo‘llanma yoki o‘zingiz tanlagan xaridni shoshilmasdan, o‘ylab, yaqinlar bilan maslahatlashib to‘lashingiz mumkin.

Orzungizdagi xarid yoki sayohat uchun pul yig‘ishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, AVO omonati ham ishonchli daromad olish vositasi bo‘ladi. 200 mln so‘mgacha bo‘lgan summa davlat tomonidan sug‘urtalangan, demak, pulingiz xavfsiz.

*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling

Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda

Yuklab olish
📖 Ta'lim
15.10.2025
5 daqiqa
Nina Cherednikova
Maqola muharriri
O’zbekistondagi qulay mobil bank

Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari sizning smartfoningizda

Saytdan foydalanishni yanada qulayroq qilish uchun cookie-fayllaridan foydalanamiz. Batafsil ma’lumot maxfiylik siyosatimizda

+998 (78) 888-78-87

Barcha savollaringizga javob beramiz va muammolarga yechim topishda yordam beramiz

AVO kredit kartasi

Bank haqida

Internet-banking
  • Mahsulotlar
    • AVO platinum kredit kartasi
    • To'lov stikeri
    • AVO omonati
  • Jamoamizga qo'shiling
    • Vakansiyalar
    • IT, biznes va jarayonlar
    • Mijozlar bilan ishlash
  • Foydali ma'lumotlar
    • Tariflar
    • Sayt xaritasi
    • Aksiyalar va hamkorlar
    • Kartani chiqarish qurilmalari
  • Fikr-mulohazalar
    • Savollar va javoblar
    • Murojaat yuborish
    • Fikr-mulohazalar
AVO gapBankomatlar

UZ

+998 (78) 888-78-87
Bosh sahifaMoliyaYangiliklarSavol-javoblar
Qarzdorlikni so'ndirish
Bank haqida
mobile app
Mobil ilova

Ilova sizning Android va iPhone qurilmangizda mavjud

2025, «AVO bank» AJ, 2025-yil 28-fevraldagi 83-sonli litsenziya

  • Kompleks bank xizmatlarini ko'rsatish shartlari

  • Foydalanish shartnomasi

  • Maxfiylik siyosati

«AVO bank» xizmatlarni shaxsiylashtirish va ulardan foydalanish sifatini yaxshilash uchun cookie fayllardan foydalanadi. Cookie fayllari veb-saytga oldingi tashriflar haqidagi ma’lumotlarni o’z ichiga olgan kichik fayllardir. Agar siz cookie fayllardan foydalanishni istamasangiz, iltimos, brauzer sozlamalarini o’zgartiring.

Ko'proq maqolalar
  • Yangiliklar • 14.10

    AVO sayohat finali 🎉

    Аvoboy

  • Bosh sahifa • 13.10

    Nimaga «ming» o‘rniga «1k» yozishadi? 

    Samandar Dadamirzayev

  • Bosh sahifa • 11.10

    Toshkentda 2 oyda vizajist bo‘lish mumkinmi: Azizaning hikoyasi

    Anna Sheremetyeva

  • Bosh sahifa • 09.10

    Ajrashganda omonat er-xotin o‘rtasida bo‘linadimi?

    Nasiba Kamilova

  • Bosh sahifa • 07.10

    Qanday hujjatlarda adashmasdan merosni olish mumkin

    Yuna Korostelyova

  • Bosh sahifa • 05.10

    Gelik bo‘yicha katta qo‘llanma: kvadratdagi mavqe qanchaga tushadi?

    Rustam Mansurov


Blogdagi maqolalarBarcha maqolalar

11