Amerikaga borishni orzu qilasiz-u, viza olish qiyin bo‘ladi deb qo‘rqasizmi? Safarni ortga surmang. O‘tgan yili yanvardan sentyabrgacha AQShga qariyb 13 ming nafar o‘zbekistonlik borgan, ulardan 9 mingdan ko‘prog‘i sayyohlik vizasini olishgan.
Biz Sky Lux Travel sayyohlik agentligidan pasportga o‘sha orzudagi vizani qanday olish mumkinligini so‘rab surishtirdik. Endi siz bilan ham bo‘lishamiz.
Nimadan boshlash kerak?
Hujjatlarni faqat fuqaroligingiz bo‘lgan mamlakatda topshirishingiz mumkin. Shuning uchun O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsangiz yoki yashash guvohnomangiz bo‘lsa, faqat AQShning Toshkentdagi elchixonasida hujjatlarni topshirib, pasport olishingiz mumkin.
Mutaxassis Aida Bijumanovaning aytishicha, O‘zbekistonda eng mashhur viza turlari — sayyohlik, talaba va stajirovka vizalari. Lekin o‘zbekistonliklar eng ko‘p aynan sayyohlik vizasiga hujjat topshirishadi. Odatda u 1 yilga beriladi, lekin konsulda hujjatlar bo‘yicha savol tug‘ilsa, vizani 1 oyga ham berishi mumkin. Bunday holatda xafa bo‘lish kerak emas. Amerikadan qaytgandan keyin qayta hujjat topshirsangiz, katta ehtimol bilan bu safar 1 yilga tasdiqlashadi.

Xorijda muammosiz to‘lang 🌍
Onlayn AVO platinum kredit kartasini oching — 45 kungacha 0%
Elchixonada doim moliya va sayohatlar tarixiga qarashadi. Masalan, Yevropa davlatlariga bormagan bo‘lsangiz yoki faqat bir-ikki qo‘shni davlatga chiqib kelgan bo‘lsangiz, viza olish siz uchun biroz qiyinroq bo‘lishi mumkin.
Ba’zan administrativ tekshiruv ham bo‘lib qoladi. Ammamga viza olishda yordam bergandim — sayohatlar tarixi juda yaxshi edi-yu, lekin beva bo‘lgani uchun rad javobi chiqib qolishidan xavotir olgandik. Shuning uchun unga imkon qadar kuchli keys tayyorladik. Pasporti yangi edi va unda eski chegara shtamplari yo‘q edi. Konsul tekshiruv belgiladi va ammam ko‘p sayohat qilganini, AQShda qolib ketmoqchi emasligini isbotlash uchun eski pasport nusxasini so‘radi. Eski pasporti qo‘limizda bo‘lmagani uchun, biz uning sayohatlardagi suratlarini chiqarib, olib bordik. 2 kundan keyin viza berishdi.
Qabulga yozilamiz
Hujjatlarni topshirishdan oldin, eng birinchi DS-160 anketasini to‘ldiramiz.

Uni internetda onlayn to‘ldirsangiz bo‘ladi. Anketaga shaxsiy ma’lumotlaringizni kiritasiz: manzillar, ish joylari, turmush o‘rtog‘ingiz haqidagi, ota-onangiz haqidagi ma’lumotlar. Unda AQShdagi yaqin qarindoshlaringiz bor-yo‘qligi haqida ham so‘raladi. Anketaga yana yo‘nalish varaqasini ham qo‘shish kerak bo‘ladi, unda sayohatdagi har bir kuningizni batafsil yozib chiqishingiz kerak bo‘ladi.
Anketani to‘ldirib bo‘lgach, konsullik yig‘imini to‘laysiz. To‘lov tasdiqlangandan keyin, saytning o‘zida elchixonaga qabul kunini tanlash mumkin bo‘ladi. Odatda navbat bir oy oldindan band bo‘ladi, shuning uchun hujjatlarni tayyorlashga yetarlicha vaqtingiz bo‘ladi. Lekin mavsumiy paytlar ham bor. Masalan, yozda Amerikada futbol bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi, shunaqa davrda qabulga yozilish uchun kamida bir necha oy oldindan harakat qilish kerak bo‘ladi.
Suhbatdan o‘tamiz
Elchixonaga qabul kuni quyidagi hujjatlarni olib kelishingiz kerak:
- DS-160 anketasi to‘ldirilganini tasdiqlovchi hujjat;
- Appointment letter — elchixonaga yozilganingiz haqidagi talon;
- 5×5 sm o‘lchamdagi rangli rasmingiz.
Iloji bo‘lsa, rasmning elektron nusxasini ham olvoling.
Boshqa hujjatlarning keragi yo‘q — bu Shengen vizasi emas. Lekin men o‘z mijozlarimga har ehtimolga qarshi bankdan va ish joyidan ma’lumotnoma olishini aytaman. Chunki konsul so‘rab qolishi mumkin, keyin yugurib yurmasdan, so‘rashgan zahoti ko‘rsatasiz. Aytgancha, AQShga borish uchun hisobingizda kamida $5 000 bo‘lishi kerak.
Elchixonaning o‘zida $185 to‘laysiz — bu konsullik yig‘imi, yana hujjat topshirishda to‘lanadigan yagona to‘lov bor.
Keyin ingliz tilida, yoki tarjimon bilan ruscha, yo o‘zbekchada konsul bilan suhbat bo‘ladi. Suhbat juda qisqa, 1–2 daqiqa davom etadi, va konsul darrov qaror chiqaradi. Agar viza tasdiqlansa, pasportingizni olib qoladi, 2–3 ish kuni ichida pasportingizga viza yopishtirishadi. Agar rad qilsa, pasportni qaytarib beradi.

Keysni qanday yaxshilash mumkin?
Suhbatning mazmuni shuki, 2 daqiqa ichida konsulga bo‘lajak migrant emasligingizni va AQShga rostdan ham sayyoh sifatida borishni xohlayotganingizni isbotlashingiz kerak. Elchixonada sayyohlarning ijtimoiy tarmoqlari ham tekshiriladi, shuning uchun hujjat topshirishdan oldin Amerika haqida nojo‘ya fikrlaringiz yo‘qligiga ishonch hosil qiling.
Ko‘p mijozlar grin-karta lotereyasida qatnashish keyinchalik viza olishga ta’sir qiladimi, deb so‘rashadi. Agar mijoz lotereyada yutib, lekin keyin AQShga ko‘chib ketmagan bo‘lsa, konsulda savollar paydo bo‘lishi mumkin. Lekin shunchaki topshirib, yutmagan bo‘lsangiz, bu qarorga umuman ta’sir qilmaydi.
AQSh vizasini olish uchun sayyohlik agentliklariga ham murojaat qilish mumkin. Hamrohlik xizmati taxminan $300 turadi, konsullik yig‘imini esa mijoz alohida to‘laydi. Ular sizning holatingizni to‘liq o‘rganib, hujjat topshirish strategiyasini tuzib beradi, DS-160 anketasini to‘ldiradi va suhbatga tayyorlaydi.
*Maqolada keltirilgan ma’lumotlar saytga joylashtirilgan vaqt uchungina amal qiladi: fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi va AVO bank'ning rasmiy nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin. Bank havola qilingan tashqi manbalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi, ko‘rsatilgan narxlar esa taxminiy xarakterga ega. Qaror qabul qilishdan oldin eng so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

AVO ilovasini yuklab oling
Barcha bank xizmatlari va operatsiyalari 24/7 sizning smartfoningizda
