Men musiqa tinglashni — rok, rep, fank va hatto klassikani ham yaxshi ko‘raman. Har kuni uydan chiqib, ofisga borayotganimda (bir soatlik yo‘l), quloqchinda doim yangi qo‘shiqlarni tinglab boraman. Lekin ancha vaqtdan beri vinil plastinkalarga o‘tishni xohlab yurardim: zo‘r-ku, lekin qimmatdir deb o‘ylardim. Ammo unday emas ekan. Bugun qanday qilib vinil tinglashga erishish va bunga ko‘p pul sarflamaslikni o‘rganamiz.
Plastinkalarim tarixi ajoyib sovg‘a bilan boshlandi — yaqin do‘stim tug‘ilgan kunimda kutilmaganda menga haqiqiy vinil pleyer sovg‘a qildi. Bundan qanchalik xursand bo‘lganimni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Menga Denon DP-29F rusumli pleyer sovg‘a qilishdi. Toshkentda uni taxminan 200 AQSh dollariga topish mumkin. Mana uning ko‘rinishi:

Xo‘sh, endi plastinka sotib olib, unga qo‘ysam bo‘ldi, nihoyat «hamma uchun emas» bo‘lgan musiqani tinglashim mumkin. Ayni shunda men vinil pleyerlar haqida birinchi haqiqatni o‘zim uchun kashf etdim:
1-haqiqat Yaxshi pleyerlarda o‘rnatilgan karnay bo‘lmaydi. U o‘zi mustaqil ravishda musiqa chalib berolmaydi — alohida akustika qurilmasini sotib olish zarur.
Shu sababli, mening tungi stolchamda Marshall kompaniyasining Stanmore III kolonkasi paydo bo‘ldi. Hozirgi kunda uni taxminan 5 million so‘mga xarid qilish mumkin. Bu ancha mashhur model bo‘lib, uni deyarli har qanday onlayn savdo platformasida yoki maxsus musiqa do‘konlarida topish mumkin. Uning ko‘rinishi:

Bu kolonkani pleyerim bilan moslashtirish uchun menga maxsus ulagich kerak edi: RCA yoki xalqona tilda «tulpan» deb ataladigan. Bunday ulagichlar ilgari qalin rangli televizorlarda bo‘lardi, ularga turli xil «sega» va «dendy» o‘yin konsollari ulanardi.
Endi faqat plastinkalar masalasi qolgan edi: ularni izlab Teplo-marketga bordim va u yerda JazzAdras do‘koniga duch keldim. Keyinchalik aynan ular Toshkentdagi doimiy vinil ta’minotchimga aylanishdi. Natijada, mening birinchi xaridlarim Red Hot Chili Peppers guruhi — Californication va Eminem — Curtain Call albomlarining plastinkalari bo‘ldi.

Sevimli musiqangizni AVO bilan tinglang 🎧
AVO platinum kredit kartasini oching va Spotify, Apple Music hamda boshqa platformalarda obuna uchun to'lov qiling
Toshkentdagi plastinkalar bozori ancha qimmat: bitta albom narxi 25 dollardan 120 dollargacha yetadi. Bundan tashqari, albomda bitta emas, balki bir nechta plastinka bo‘lishi mumkin. Ba’zi qimmatroq to‘plamlar posterlarni ham o‘z ichiga oladi, plastinkalarning o‘zi esa rangli yoki o‘ziga xos, noyob naqshlar bilan bezatilgan bo‘lishi mumkin.
2-haqiqat Vinil — qimmatli zavq. Agar siz vinilda muntazam ravishda turli xil musiqalarni tinglashni istasangiz, har oyda kamida 100–150 dollar sarflashga tayyor turing.
Hozirgi kunda plastinkalarning bir qismini Olmotadan keltiryapman, qolganini esa Toshkentdan olyapman. Ayni paytda kolleksiyam uchun 14 ta albom to‘plashga erishdim: ular orasida Nirvana, Slipknot, Michael Kiwanuka, XXXTentacion, Queen, The Pretty Reckless va boshqalar bor.

Narx masalasiga kelsak, Toshkentda vinil plastinkada musiqa tinglashni boshlash uchun taxminan quyidagi miqdorda mablag‘ talab etiladi:
Nomi | Narxi |
Vinil plastinka qo‘yuvchi qurilma | 200 $ dan boshlab |
RCA kirish tizimli kolonka | 30 $ dan boshlab |
Bitta plastinka | 50 $ dan boshlab |
Jami | 280 $ |
Ovozdagi farqqa kelsak, albatta, agar hozir Google’ga kirib, qidirishni boshlasangiz, vinil tovushi «raqamli» tovushdan juda katta farq qilishini bilib olasiz. Haqiqatan ham shunday. Lekin, oddiy tinglovchi uchun bu farq katta bo‘lmasligi mumkin. Vinilning eng katta ta’siri — bu muhit. U chindan ham butunlay o‘zgacha, musiqa boshqacha eshitiladi va musiqadan keladigan his-tuyg‘ular ham mutlaqo o‘zgacha. Mikroskopik ignaning g‘adir-budur yuzada ishqalanishi natijasida kuyning paydo bo‘lishining o‘zi musiqaga o‘ziga xoslik beradi.
Bundan tashqari, Toshkentdagi o‘sha mashhur JazzAdrass asoschisi Aleksandr Xachiyevning fikri ham menga juda ma’qul keldi. U suhbatlardan birida shunday hikoya qiladi: «Chuqurroq qaralsa, vinil — bu anglash haqida. Avval topasan, keyin olasan, chiqarasan, qo‘yasan, artasan va faqat shundan keyingina yoqasan. Musiqa tinglash uchun shuncha harakatni amalga oshirish kerak. Eng avvalo, nimani tinglashni xohlayotganingni tushunishing lozim. Nahotki bu anglash haqida bo‘lmasa?»
Bundan tashqari, ushbu anglashga uchinchi haqiqat ham qo‘shiladi:
3-haqiqat Vinilga e’tibor kerak: to‘g‘ri saqlash, to‘g‘ri tozalash, to‘g‘ri tinglash kerak.
Bir voqea bo‘lgan edi, xotinim mening plastinkalarimdan birini fotosessiyaga olib ketgandi. U yerda tasodifan plastinkaga mum tomib ketibdi. Tamom, plantinkaning bu qismi endi ijro etilmaydi.
Vinil to‘plamning yana bir nozik qismi — bu uning ignasi. Har bir pleyer modeli uchun faqat unga mos keladigan igna bor. Agar u sinib qolsa, uni almashtirish uchun uzoq vaqt va qiyinchilik bilan qidirishingiz kerak bo‘ladi. Agar omadingiz kulmasa, uni chet eldan buyurtma qilishingiz kerak bo‘ladi. Men, masalan, shunday qilganman.
Plastinkalarni maxsus uglerod tolali cho‘tka bilan tozalash kerak — plastinkani yoqasiz, u aylanishni boshlaydi, siz esa uning yuzasida ushbu cho‘tkani ehtiyotkorlik bilan yurgizasiz.

Xulosa qilib aytganda: vinil nozik, yoqimli va juda qiziqarli mashg‘ulot. Agar siz ham bu olamga sho‘ng‘ishni istasangiz, mana sizga yordam berishi mumkin bo‘lgan odamlarning aniq manzillari va maslahatlar:
Proigrivatel sotib olishda Premier Sound’dagi yigitlar yordam berishadi.
Plastinkalarni JazzAdras’ning rasmiy Telegram-botidan xarid qilishingiz mumkin.
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Maqolada tashqi resurslarga havolalar keltirilgan. AVO bank tashqi resurslardagi ma'lumotlar uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Narxlar taxminiy va faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi.