Yangiobodni ko‘pchilik nochorlik, o‘g‘irlik, shovqin-suron va boshqa salbiy holatlar bilan bog‘liq joy deb hisoblaydi. Bu yerda siz sovet paytidagi universitetlaridagi teleskoplarni, Afg‘oniston urushida qatnashganlik uchun berilgan mukofotlarni yoki sobiq prezidentga hadya etilgan haykalchani topishingiz mumkin. Bozorning ko‘plab salbiy va noxush tomonlari bor, ammo men uchun bu alohida ahamiyatga ega joy. Men unda odamlarga yoqishi mumkin bo‘lgan ko‘plab narsalarni ko‘raman.
Insonlar
Yangiobodga qadam qo‘yganingizda, o‘zingizni boshqa davrga tushib qolgandek his etasiz va nostalgik tuyg‘ularga g‘arq bo‘lasiz. Bu nafaqat buyumlarda, balki odamlarning o‘zida ham ko‘rinadi. Ko‘pchilik sotuvchilar o‘z tarixiga ega bo‘lgan narsalarni sotishadi. Masalan, buyumlarning narxi past bo‘lishiga qaramay, ularga vaqt va ular bilan sodir bo‘lgan voqealar hisobiga qiymat beriladi.
Muhim eslatma: bozorning deyarli «lo‘li»lar egallagan «hudud» bor. U yerda suratga olishni qat’iyan maslahat bermayman. Bu odamlar shahar bo‘ylab turli keraksiz narsalarni terib, Yangiobodda sotishadi. Bu ularning eng katta savdo joyi. Ularning ahvoli esa ancha ayanchli. Hamma narsani yerga to‘shab, arzon-garovga sotishadi. Qishda, sovuq kunlarda, isinish uchun shu narsalarni o‘sha joyning o‘zida gulxan yoqishadi. Ular ortiqcha e’tiborni, ayniqsa kameralarni yoqtirmaydilar.
Sekond-hend
Men ko‘pincha aynan shu pavilyonga kiraman. Uni topish uchun yangi kiyimlar bo‘limidan o‘tib, eng oxirigacha, katta temir eshiklargacha borishingiz kerak. Aytgancha, bu eshiklar Sovet Ittifoqi davridan saqlanib qolgan. O‘shanda bu hudud ulkan sabzavot ombori bo‘lgan, hozirgi ikkinchi qo‘l kiyimlar zonasi esa sovutish xonalari uchun mo‘ljallangan bo‘lgan.

Ikkinchi qo‘l do‘konida yaxshi holatdagi, ba’zan esa mutlaqo yangi narsalarni topish mumkin. Ular Yevropa, AQSh va Koreyadan keltiriladi. Agar sohani toifalarga ajratsak, Yangiobodda bu ko‘proq tanlab olingan ikkinchi qo‘l kiyimlar. Sotuvchilar kiyimlar solingan katta qoplarga buyurtma berishadi va ulardan eng yaxshisini tanlab, keyin sotishadi. Ko‘pincha bozordan kino sanoati stilistlari xarid qilishadi. Ular zamonaviy ko‘rinishdagi sovet sport va klassik kostyumlarni, chamadonlarni, ko‘ylaklarni va boshqa ko‘p narsalarni topib olishadi.
Kiyimni ikkinchi qo‘ldan sotib olayotganingizga qaramay, juda arzon narxlarni kutmang. Masalan, «troyka» kostyumni 400–800 ming so‘mga, ko‘ylakni 50 ming so‘mga, charm kurtkani esa 300 ming so‘mga olishingiz mumkin.

Antiqa va noyob buyumlar
Bir kuni mashhur interyer dizayneri bilan bozorga bordik. U bizga bozorni butunlay boshqacha nuqtai nazardan ko‘rsatdi. Antikvariat bo‘limiga boy tarixga ega noyob idish-tovoqlarni topish va ularni mohirona tarzda interyerga uyg‘unlashtirish mumkin bo‘lgan muzey sifatida qaray boshladik. Borganimizda dizayner o‘ziga 4 ta eski narsa xarid qildi, keyinchalik esa ularni mehmonlar bilan choy ichishda ishlatyapti. U olgan narsalarning har biri taxminan 100–150 ming so‘mga tushdi. Masalan, idish to‘plamlaridan birida muhr bor edi, bu uning 19-asrda, Polsha Rossiya tarkibiga kirgan paytlarda ishlab chiqarilganini anglatardi.

Bu bo‘limda siz eski fotoapparatlarni ham topishingiz mumkin. Bo‘limning oxirida Rashid ismli kishi o‘tiradi. Uni darhol ko‘rib olasiz. Uning peshtaxtasida juda ko‘p noyob fototexnikalar bor. Men ko‘rgan eng qiziqarli namuna SSSRda ishlab chiqarilgan «Kiev-30» mini-fotoapparati edi. Aytishlaricha, KGBda bunday fotoapparatlardan foydalanishgan, ularni sigareta qutisiga o‘xshatib niqoblashgan, chunki o‘lchamlari shunga yaqin ekan.
Rashidda bu kamera hali ham bor.

Yangiobodda antiqa buyumlar bilan savdo qiluvchi sotuvchilar o‘z mahsulotlarini Instagram sahifalarida ham qo‘yib borishadi. Rashid esa Yangiobod hayotini kameraga muhrlayotgan nabirasining «Yangiobod kundaligi» nomli Telegram-kanalini bizga ko‘rsatdi.

Yangiobod topilmalarga boy, AVO platinum — imkoniyatlarga!
50 mln so‘mgacha pul oling va 45 kungacha foiz to‘lamang
Ko‘ngilochar tadbirlar
Bozorda, boshqa narsalardan tashqari, g‘ayrioddiy narsalarni ham uchratish mumkin. Yakshanba kunlari bu yerda xo‘roz urishtirish bo‘lib o‘tadi. Hozirgi kunda bunday tomoshalarni shaharda topish mushkul. Bozor hududida tez-tez musiqachilar konsert ijro etishadi. Hatto hozir ichimliklar va yengil taomlar taklif etiladigan art-kafe qurilishi ham bitay deb qolgan.
Dastlab, bozor o‘zining asosiy vazifasini bajargan, biroq vaqt o‘tishi bilan u sayyohlar va sarguzasht izlovchilar uchun ajoyib maskanga aylandi. Men doimo mehmonlarni u yerga olib borishdan zavqlanaman va do‘stlarim bilan ikkinchi qo‘l do‘konlardagi yangilanishlarni ko‘rish uchun tez-tez kirib turaman.
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqolada tashqi resurslarga havolalar keltirilgan. AVO bank tashqi resurslardagi ma'lumotlar uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Narxlar taxminiy va faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi.

