Toshkentda ginekologik xizmatlar narxi qancha va hozirgi qizlarning shifokorga tashrif buyurishiga nima to‘sqinlik qilmoqda?
Biz hammamiz, albatta, hech qanday muammo bo‘lmasa ham, sog‘ligimizni muntazam ravishda tekshirib turishimiz kerakligini bilamiz. Ammo amalda ko‘pincha tibbiy masalalarni «jiddiy ehtiyoj tug‘ilmaguncha» keyinga suraveramiz. Yaqinda men bu odatni o‘zgartirishga qaror qildim.

Nima sababdan? Birinchidan, men ulg‘ayib boryapman — hozir 31 yoshdaman va tushunib turibman-ki, yosh o‘tgan sari sog‘liq ko‘proq e’tibor talab qiladi. Ikkinchidan, men bir nechta shifokor-blogerlarni kuzatib boraman va ulardan muhim hamda foydali ma’lumotlarni olaman — bu bilimlar o‘zimga yanada e’tiborliroq bo‘lishga undaydi.
Shu sababli, ginekologga borib, asosiy tekshiruvlardan o‘tishga va zarur tahlillarni topshirishga qaror qildim. Ushbu maqolada men qanday qilib shifokor izlaganim, buning barchasi qanchaga tushgani va nima uchun Toshkentdagi ko‘plab qizlar uchun ginekologga borish qiyin ekanligi haqida so‘zlab beraman. Ushbu kichik tibbiy tadqiqotimda hamkasblarim va ijtimoiy tarmoqlar menga ko‘mak berishdi.
Matn reklama xususiyatiga ega bo‘lmagani sababli, shifokorlarning ismlarini keltirib o‘tmayman. Biroq narxlarni taqqoslash va o‘z tajribam hamda boshqa qizlarning tajribasi haqida so‘zlab berish maqsadida klinikalarning nomlarini ko‘rsatib o‘taman. Ba’zi qizlarning ismlari ularning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan.
Vrachni qayerdan va qanday topganim haqida
Shifokor qidirayotganimda odatda tanishlar va do‘stlarimning tavsiyalariga tayanaman yoki «Toshkent shifokorlari» Facebook guruhiga nazar solaman. Ko‘plab noo‘rin fikrlar bo‘lishi, hamma narsa nisbiy ekanligi va yaxshi shifokorlarning ham muvaffaqiyatsiz holatlari bo‘lishi mumkinligini hisobga olaman. Shuning uchun juda ko‘p postlar va izohlarni o‘qib, o‘qiganlarimni umumlashtirib, o‘zim uchun xulosa chiqaraman. Bir paytlar Facebook orqali sakkiz yildan beri nazoratida bo‘lgan yaxshi mammologni topganman.
Ginekologlar bo‘yicha dastlab Doctor Service va Ayol Care klinikalarining ikkita shifokoriga bordim. Doctor Service’da jonli navbat ekan, shifokor har kuni, lekin atigi 1 soat qabul qilar ekan. 4–5 soat navbatda o‘tirib, qabulxonada 10 daqiqa vaqt olishga tayyor emasdim. Vaqt men uchun ozlik qiladi deb o'yladim, shuning uchun Ayol Care klinikasida to‘xtadim. Hozircha xulosa chiqarish erta, lekin umuman olganda qabuldan mamnun qoldim.

Narxlar qanday?
Ginekologning birinchi maslahati uchun 390 000 so‘m to‘ladim. Bundan tashqari, shifokor menga qisman mening so‘rovim bo‘yicha, qisman kasallik tarixim asosida ko‘plab tahlillar va tekshiruvlar tayinladi.
Menda alohida shikoyatlar bo‘lmasa-da, uzoq vaqtdan beri OPV va PAP-test topshirishni xohlardim. Tahlil inson papilloma virusining onkogen shtammlarini aniqlashga yordam beradi, PAP-test esa bachadon bo‘yni saratonini erta bosqichlarida aniqlashning samarali usuli hisoblanadi. JSST va AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi 21 yoshdan oshgan barcha qizlarga har 3 yilda bir marta PAP-testdan o‘tishni tavsiya qiladi (yoki jinsiy aloqa mavjud bo‘lsa, undan ham oldinroq).
Shifokorning barcha tahlillarni tayinlash chog‘ida ularning nima uchun zarurligini tushuntirgani menga yoqdi. Yana bir yoqqan jihati shundaki, u darhol tahlillar arzon emasligini ogohlantirdi va ularni ushbu klinikada yoki boshqa joyda topshirishim mumkinligini aytdi. Qabuldan so‘ng menga narxlarni aytishdi va qanday tayyorgarlik ko‘rish kerakligini tushuntirishdi. Summa katta bo‘lgani uchun boshqa klinikalardagi narxlarni o‘rganishga qaror qildim.

Keyingi oyda mammologimga rejali ko‘rikka va Vitamed klinikasiga sut bezlari ultratovush tekshiruviga boraman. Shifokorimning maslahati 450 000 so‘mga, UTT esa 445 000 so‘mga tushadi (menga nostandart UTT kerak, shuning uchun u qimmatroq). Vitamed’ning veb-saytida yoki ijtimoiy tarmoqlarida narx ro‘yxati yo‘qligi sababli, qo‘ng‘iroq qilishga to‘g‘ri keldi va menga aniq xizmatlar uchun narxlarni Telegram orqali yuborishdi.
Shuningdek, men ilgari bo‘lgan Medik As va Vitros hamda tanishlarim tavsiya qilgan De Factum klinikalaridagi narxlarni bilib oldim. Vitros va De Factum saytlarida narxlar mavjud, Medik As esa menga Telegram orqali narxlar ro‘yxatini yubordi.
Qulaylik uchun ginekolog tayinlagan tahlillar bo‘yicha qiyosiy jadval tuzdim:
Tekshiruv turi / Klinika | Ayol Care | Vitamed | Medik As | De Factum | Vitros |
---|---|---|---|---|---|
Kichik chanoq a'zolari UTTsi | 360 000 | 250 000 | 160 000 | 135 000 | 120 000 |
Sut bezlari UTTsi | 280 000 | 445 000 | 135 000 | 168 000 | 130 000 |
Qalqonsimon bez UTTsi | 280 000 | 210 000 | 125 000 | 152 000 | 120 000 |
3 ta UUT uchun | 920 000 | 905 000 | 420 000 | 455 000 | 370 000 |
Bakterial ekma | 90 000 | — | 213 000 | 359 000 | 240 000 |
Femoflor-skrining | 615 000 | — | 778 000 | 504 000 | 500 000 |
OPV skrin-titri | 335 000 | 330 000 | 308 000 | 280 000 | 280 000 |
PAP-test | 400 000 | 314 000 | 168 000 | 246 000 | 280 000 |
4 ta tekshiruv uchun | 1 440 000 | 644 000 | 1 467 000 | 1 389 000 | 1 300 000 |
Prolaktin | 95 000 | 100 000 | 100 000 | 100 000 | |
Ferretin | 115 000 | 110 000 | 135 000 | 60 000 | |
Gomosistein | 365 000 | 324 000 | 314 000 | 340 000 | |
Folat kislotasi | 125 000 | 157 000 | 157 000 | 180 000 | |
TTG | 95 000 | 95 000 | 100 000 | 90 000 | |
Т4 | 95 000 | 95 000 | 100 000 | 90 000 | |
Anti-TPO | 130 000 | 109 000 | 112 000 | 100 000 | |
Umumiy qon tahlili | 85 000 | 67 000 | 79 000 | 70 000 | |
Vitamin В12 | 155 000 | 207 000 | 157 000 | 180 000 | |
Qon tahlillari (9 ta ko‘rsatkich) | 1 510 000 | 1 260 000 | 1 264 000 | 1 343 000 | 1 210 000 |
JAMI | 3 870 000 | 2 789 000 | 3 151 000 | 3 187 000 | 2 880 000 |
*Narxlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi
Jadvaldan ko‘rinib turibdiki, bir xil tekshiruv uchun narxlar turli klinikalarda sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Men turli xil tahlillarni turli joylarda o‘tkazishga qaror qildim.
Jami hisobda mammolog va ginekolog qabuliga hamda barcha tayinlangan tekshiruvlarga taxminan 4,5 million so‘m sarflaydigan bo‘ldim.

Hoziroq chekapdan o'tishni istaysizmi?
AVO platinum kredit kartasi bilan 50 mln so'mgacha kredit limiti oling va 45 kungacha foizsiz qaytaring
Chekap foydaliroqmi?
So‘nggi paytlarda klinikalar faol ravishda chekap xizmatini — ko‘plab tahlillar va bir nechta shifokorlar maslahatlarini o‘z ichiga olgan kompleks tekshiruvni taklif qila boshladilar. Erkaklar, ayollar va bolalar uchun chekaplar, shuningdek endokrinologiya, kardiologiya, gastroenterologiya va diabet yo‘nalishlari bo‘yicha chekaplar mavjud. Tahlillar soni, yo‘nalishi va klinikasiga qarab, chekap narxi 1 milliondan 6 million so‘mgacha boradi.
«Men 3 yildan beri har yili ayollar chekapidan o‘tib kelaman,» — deydi Marina. — Bir payt har bir ayol o‘z sog‘lig‘iga e’tibor berishi kerakligini tushunib yetdim. Bundan tashqari, kelajakda oila qurishga va farzand ko‘rishga tayyor bo‘lganimda, kutilmagan muammolar yuzaga kelmasligini xohlayman.
Qaysi tahlillarni topshirish va qaysi shifokorlarga murojaat qilish kerakligini yaxshi bilmasdim, bunga chuqur kirishishni ham xohlamasdim. Ideal holda, menga barcha tekshiruvlarni o‘tkazadigan bitta joyni topish edi. Men ijtimoiy tarmoqlarda variantlarni izladim, klinikalarning o‘zini qanday namoyon qilishini kuzatdim. Reproduktologiyaga ixtisoslashgan Isroil tibbiyot markazini tanladim. Agar ular farzand ko‘ra olmayotgan odamlarga yordam berishsa, demak, ularga sog‘liqni ishonib topshirsa bo‘ladi, degan xulosaga keldim.

Menga klinikaning xizmat ko‘rsatish darajasi, muhiti, bemorlarga munosabati va jarayonlarning avtomatlashtirilgani juda yoqadi. Ammo hozir boshqa joyni sinab ko‘rmoqchiman, chunki narxlar ancha oshib ketdi. Isroil markazida endokrinologiya bilan birgalikdagi ayollar chekapi 3,9 million so‘m turadi.
Menga De Factum klinikasi ham yoqadi — u yerda ajoyib shifokorlar, yaxshi xizmat va laboratoriya borligini bilaman, lekin joylashuvi men uchun unchalik qulay emas va u yerda chekap qimmatroq — 5,5 million so‘m».
Chekap asosan aniq shikoyatlari bo‘lmagan, ammo sog‘lig‘ini tekshirish, kasalliklarning oldini olish yoki ularni erta bosqichda aniqlashni xohlovchi odamlarga mo‘ljallangan. Bu qulay, chunki siz barcha mutaxassis shifokorlarni bir joyda ko‘rasiz, barcha tekshiruvlar raqamlashtiriladi va bazaga kiritiladi. Shuningdek, chekapni to‘lash xuddi shu tahlillarni alohida-alohida o‘tkazishdan ko‘ra arzonroq.
Lekin men o‘zim uchun hozircha chekap mening variantim emasligini angladim. Menda bir nechta surunkali kasalliklar bor. Shu sababli turli klinikalardagi o‘z shifokorlarimda kuzatuvdaman va menga ma’lum tahlillar kerak. Chekap tarkibida bu tekshiruvlar bo‘lmasligi mumkin, ammo menga keraksizlari bor. Agar pul haqida gapiradigan bo‘lsak, men turli klinikalarda sarflaydigan summa chekapning o‘rtacha narxidan unchalik farq qilmaydi.
To‘g‘ri keladigan shifokorni qidirib
Ginekologga borishni uzoq vaqt kechiktirishimning asosiy sababi «o‘zimning» shifokorim yo‘qligi edi. Davolanishda salbiy tajribam bo‘lgani uchun yana kimgadir ishonish qiyin bo‘lardi. Buning ustiga, doimo qo‘pol, odobsiz yoki noo‘rin munosabatga duch kelishdan cho‘chirdim.
Qizlarning ginekologlar borasida uchta eng katta muammosi bor. Bu xulosaga shaxsiy tajribam va tanishlarim bilan suhbatlashish orqali keldim.
1. Bilimning yetishmasligi
Toshkentdagi ko‘plab qizlarga tanish bo‘lsa kerak, birinchi qabulda ginekologlar «Jinsiy hayot kechirasizmi?» yoki «Jinsiy aloqangiz bormi?» deb so‘rash o‘rniga noto‘g‘ri tarzda «Turmushga chiqqanmisiz?» deb so‘rashadi. Juda ko‘pchilik «Turmushga chiqsangiz, o‘tib ketadi» degan gapga duch kelgan.
20–25 yoshda bo‘lganingizda, hali «qalqon» o‘stirmaganingiz va doim ham o‘z chegaralaringizni himoya qila olmasligingiz sababli, ginekologning qo‘polligi va bilimsizligi juda og‘riqli bo‘lishi va uzoq vaqt qo‘rquv uyg‘otishi mumkin.
Men xorijiy klinikani tanladim, chunki mahalliy ginekologlarga borishdan juda qo‘rqardim. Menga ularning hammasi hukm qiluvchi va yomon tuyulardi. Men uchun ginekologning tushunuvchi, bag‘rikeng, e’tiborli bo‘lishi va hamma narsani tushunarli tushuntirishi juda muhim. Shu sababli davlat poliklinikalariga bormay qo‘yganimga ancha bo‘ldi. Go‘yo 2024-yil bo‘lsa-da, sen kelganingda ular davolash o‘rniga: «Kamroq kasal bo‘lishni istasang — turmushga chiq» deyishadi
Birinchi marta vahima xuruj qilganda, tez yordam mashinasini chaqirgandim. Menga tibbiy xodimlar turmushga chiqish vaqti kelganini aytishdi…
Men bir nechta shifokorlarga og‘riqli hayz oldi sindromi haqida shikoyat qilganman. Ulardan biri: «Turmushga chiqsangiz, o‘tib ketadi» dedi. Klinikadan oyoqlarimni qo'lga olib qochib chiqdim
Davolash o‘rniga tug‘ishni tavsiya qiladigan, uyaltiruvchi va shunga o‘xshash befoyda shifokorlarga duch kelish juda qo‘rqinchli. Shuning uchun doim oxirgi daqiqagacha kechiktirib, faqat juda jiddiy holat bo‘lgandagina borasan. Ammo yaxshi shifokorni izlash epopeyasini boshlash va bunday muammolarga duch kelishni xohlamaysan
Shifokor qabuli xuddi psixolog bilan suhbatga o‘xshaydi: o‘zingni ochish uchun seni hukm qilmasliklariga ishonch kerak, shunchaki kasallik tarixini xolisona to‘plashlari lozim. Shifokor sening shaxsiy hayotingga aralashsa, bu dahshat. Masalan, meni erimning millati haqida so‘rashgan
2. Noprofessionallik
Davlat shifoxonasidagi ginekologlardan biri menga juda ma’qul keldi — u yosh, xushmuomala va muloyim edi, to‘g‘ri tashxis qo‘ygan edi. Biroq, oxir-oqibat tekshiruvlarsiz kuchli gormonal kontratseptivlarni tayinladi. O‘shanda 20 yoshlarda edim, bunday narsalarni yaxshi tushunmasdim va shifokorga ishonardim. Dori vositasini 3 oy davomida qabul qildim, lekin keyin to‘xtatdim. Keyinchalik xususiy klinikadagi boshqa bir shifokor bu tabletkalarni 30 yoshgacha bo‘lgan yosh qizlarga umuman buyurish mumkin emasligini aytib, hayratda qoldi.
Menda ham faqat bitta UTT tekshiruvi va nomuntazam hayz sikli haqidagi shikoyatim asosida kuchli gormonal kontratseptivlarni yozib bergan shifokor bor edi. Bundan tashqari, u saraton xavfini ro‘kach qilib, radikal davolashni maslahat berdi. Aslida esa shunchaki kuzatuvda bo‘lish kifoya edi
Ginekolog qabuliga birinchi marta borganimda, u bachadonim kichkina bo‘lgani uchun hech qachon homilani ko‘tara olmasligimni va tug‘a olmasligimni aytdi. Ammo boshqa mutaxassisga murojaat qilganimda, hamma narsa me’yor doirasida ekanini aytib, meni tinchlantirdi
Vijdonsizlik
Tibbiyot arzon narsa emas va katta mablag‘ga buyurtma olganda ko‘pincha «Rostdan ham menga bularning hammasi kerakmi?» deb o‘ylanib qolasiz. 18–19 yoshlarda edim, ginekolog ko‘rik va tahlillardan so‘ng ma’lum bir dorixonadan sotib olish kerak bo‘lgan juda ko‘p qimmat dorilarni yozib berdi.
O‘sha tahlillar bilan boshqa klinikaga bordim, u yerda shifokor meni tinchlantirdi va faqat kichik yallig‘lanishim borligini aytib, ancha arzon davolash kursini tavsiya qildi. U ba’zi shifokorlarning farmatsevtika kompaniyalari bilan shartnomalari borligini, shuning uchun ular foiz olish uchun ma’lum dorilarni buyurishlari mumkinligini ham aytib o‘tdi.
Bunday holatlarga ko‘plab tanishlarim duch kelgan va bu doim shifokorlarga shubha bilan qarashga majbur qiladi.
*Maqoladagi ma'lumotlar nashr etilgan vaqt uchungina amal qiladi. AVO bank ushbu ma'lumotlar kelajakda ham xuddi shunday va dolzarb bo'lib qolishiga kafolat bermaydi. Qaror qabul qilishdan oldin eng so'nggi ma'lumotlarni tekshirishingizni maslahat beramiz.
*Maqolada tashqi resurslarga havolalar keltirilgan. AVO bank tashqi resurslardagi ma'lumotlar uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Maqoladagi fikr — muharrirning shaxsiy fikri bo'lib, u AVO bank pozitsiyasini ko'rsatmaydi. Bank ma'lumotlar to'g'riligi va undan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.
*Narxlar taxminiy va faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi.